Gulxaniy Muhammad
(XVIII-XIX)
O‘zbek mumtoz adabiyotining yirik namoyandalaridan biri Muhammad Sharif Gulxaniy isteʼdodli shoir bo‘lgan. Ammo milliy adabiyotimiz tarixidan mohir nasr ustasi, mashhur “Zarbulmasal”ning muallifi sifatida faxrli o‘rin olgan. “Zarbulmasal”ning muqaddimasida qayd etilishicha, Gulxaniy bu asarni yozishga Amir Umarxonning tavsiyasiga ko‘ra kirishgan. “Zarbulmasal” jiddiy ijtimoiy mazmunni majoz yo‘li bilan badiiy ifodalovchi axloqiy-didaktik va tanqidiy-hajviy yo‘nalishdagi asardir.
“Zarbulmasal”da yetakchi mazmun bilan mantiqan uzviy bog‘lanib ketgan o‘ndan ortiq nasriy va nazmiy masala, qissa va hikoyatlar mavjud. Bu moʻjaz badiiy asarlar, asosan, axloqiy-taʼlimiy yo‘nalishda bo‘lib, halollik, to‘g‘rilik, olijanoblik, mehr-muhabbat, vafo va sadoqat g‘oyalarini olg‘a suradi, xasislik, manmanlik, befarosatlik, johillik, sotqinlik kabi salbiy belgilarni qora-laydi. Xususan, «Maymun bilan Najjor» va «Toshbaqa bilan Chayon» kabi masallar yuksak badiiy mahorat bilan yozilgan.
“Zarbulmasal” o‘zbek badiiy nasrining eng yetuk namunalari qatorida faxrli o‘rin olgan. Rang-barang tasviriy vositalardan, jumladan, murakkab sajdan keng foydalanib yozilgan bu asarning tili nihoyatda shirador, jozibali bo‘lib, asarning chin maʼnoda xalqchil ruh egallashida juda katta xizmat qilgan.
