Jahonotin Uvaysiy
(1779-1845)
O‘zbek adabiyoti tarixida mumtoz o‘ringa ega bo‘lgan Jahon otin — Uvaysiy XVIII asr oxiri XIX asrning birinchi yarmida yashab ijod etgan mashhur o‘zbek shoirasidir. U Marg‘ilon shahrining Childuxtaron mahallasida, taxminan 1779 yillarda dunyoga kelgan.
Shoiraning 4 ta devon tuzganligi maʼlum. Uvaysiy ijodining g‘oyaviy-badiiy mohiyatidan o‘zbek mumtoz adabiyoti anʼanalarini ijodiy davom ettirganligi ko‘rinib turadi. Shoiraning Navoiy, Fuzuliy g‘azallariga bog‘lagan ko‘plab muxammaslari va naziralari, Bedil sheʼrlariga izdoshligi Uvaysiyning poetik balog‘atidan dalolat beradi. Shoira adabiyotda taraqqiyparvar namoyandalarning qarashlari asosida maydonga kelgan inson taqdiri, shaxs erki va maʼrifatparvarlik g‘oyalarida latif va dilkash asarlar yaratadi, asarlarida insonni eʼzozlash, odamning tabiat va hayot noz-neʼmatlaridan bahramand bo‘lishga undash, do‘stlik, vafo va sadoqat kabi o‘zining ulug‘vor niyatlarini Qurʼon oyatlari, hadislar va tasavvufiy talqinlar bilan asoslagan holda ijodiy barkamollikka erishdi.
Uvaysiy asarlari o‘zining latif mazmuni va dilkash badiiyligi bilan davrlar osha muxlislar qalbiga bitmas-tutanmas estetik zavq bag‘ishlab kelmoqda. Ular xalq ommasi orasida keng yoyilgan, hofizlar, xonandalar tomonidan maqom va xalq ohanglari bilan hozirgacha kuylanib keladi.
