Boborahim Mashrab
(1640-1711)
Boborahim Mashrab 1640 yilda (hijriy hisob bilan 1050) Namanganda kambag‘al kosib-bo‘zchi Valibobo oilasida dunyoga keddi. Boborahim Mulla Vali (Valibobo) o‘g‘li Mashrab o‘z ijodi bilan o‘zbek adabiyotida xalqchillik, ijtimoiylik va dunyoviylikning chuqurlashuvida, jaholat va bidʼatta qarshi kurash g‘oyalarining kuchayishida, sheʼriyat shakllarining takomillashuvi hamda badiiyatning kamolga erishuvida katta o‘rin tutgan so‘z ustalaridan biridir.
Boborahim Mashrab hayoti va ijod yo‘li haqida maʼlumot beruvchi tarixiy manbalar ko‘p emas. Uning nomi XVIII—XIX asrlarda tuzilgan ayrim tazkira va tasavvufiy yo‘nalishdagi asarlarda (Muhammad Badeʼ Malehonning «Muzakkir ul-asʼhob», «Tazkirai Fahmiy», «Musavvai Abdushshukur Ziyo», «Tazkirai avliyoi Majzub Namangoniy») zikr etiladi. Ammo ularda shoir hayoti va ijodiy faoliyati haqida keltirilgan maʼlumotlar nihoyatda kam, uzuq-yuluq va biri-biriga zid. Mashrabning qoddirgan adabiy merosi xususida ham aniq maʼlumot beruvchi manba yo‘q. Uning o‘z asarlarini to‘plab devon yoki biror majmua tuzganligi maʼlum emas. Faqat «Devoni Mashrab», «Devonai Mashrab», «Eshoni Mashrab», «Hazrati shoh Mashrab» nomlari ostida xalq orasida qo‘lyozma va toshbosma shaklida juda keng tarqalgan qissalardagina (ularning kim tomonidan va qachon tuzilganligi aniq belgilangan emas) shoirning hayot yo‘li va ijodiy faoliyati maʼlum tartib va izchilikda bayon etiladi, asarlaridan namunalar keltiriladi.
