Muhammad Sharif Buxoriy
(XVII ASR)
Muhammad Sharif ibn Muhammad al-Husayniy al-Alaviy al-Buxoriy (vafoti — 1697 yil) al-Mavlaviy laqabi bilan mashhur bo‘lgan olim XVII asrdagi Movarounnahr mutafakkirlarining yorqin namoyandalaridan biridir.
U o‘z ijodida yolg‘iz falsafaga oid bilimnigina emas, balki tarix, sheʼriyat, huquq, tilshunoslik kabi sohalarni ham qamrab olgan. Uning bizgacha yigirmadan ortiq asari yetib kelgan va ulardan «Ar-risola ad-davriyya» («Davriylik haqidagi risola») asari Buxoroda yozilgan. Bitilgan yili nomaʼlum. Qo‘lyozmasining bir nechta nusxalari mavjud. Shulardan biri «Risolatu istilzami davr min tasalsul» («Davriylikning muttasillikka zaruriy tobeʼligi haqida») risolasidir.
Risola nihoyalik va benihoyalik masalalariga bag‘ishlangan. Muallif bu masalani yuqoriga yuksaluvchi aylanma harakat ko‘rinishida hal qiladi. Olimning tasavvuricha «yuqorida turuvchi» va «quyida turuvchi» degan bosqichlar mavjuddir.
Muhammad Buxoriyning falsafiy asarlari sirasiga Sharqda mashhur bo‘lgan asarlarga bitilgan hoshiyalar ham kiradi. Bulardan biri «Hoshiyatun ala sharhil aqoid al-adudiyya» («Adudiyya aqidalari sharhiga hoshiya») asariga yozilgan hoshiyadir. Asl risola muallifi Adudiddin al-Idjiy nomi bilan tanilgan Adud al-millat vad din Abdurrahmon ibn Ahmad ibn Abdulg‘affor as-Siddiqiy al-Mutaraziy ash-Shibankoriydir. Sunniy mazhabdagi diniy aqidalar haqidagi bu risola muallif o‘limidan ikki hafta oldin hijriy 13 ramazon 756 (1355 yil, 21 sentyabr) yilda yozilgan.
Keyingi asrlarda ko‘plab mualliflar unga sharh bitganlar. Bular orasida XV asrning mashhur faylasufi Jaloliddin Davvoniyning sharhi diqqatga sazovordir. Ana shu sharhga Muhammad Buxoriy hoshiya bitgan. Bu asar ikki bobdan iborat: Davvoniy sharhiga eski izoh, yangi izoh. Ikkala bob muallif tomonidan hayotining ikki bosqichida yaratilgan qo‘lyozma nusxadan ko‘chirilgan. Shu nomda ko‘rsatilgandan tashqari yana ikki nusxasi mavjud. Qadimgi nusxalari saqlanmagan. Bizgacha XIX asrning 80-yillarida ko‘chirilgan nusxalari yetib kelgan.
Faylasufning sheʼriy devoni ham mavjud. Unda shoirning adabiy merosi to‘plangan. Devon turli kotiblar tomonidan XX asrga qadar ko‘chirilib kelingan. Bu hol Buxoriy sheʼriyatiga Movaroun-nahrning yirik shaharlarida katga qiziqish bilan qaralganidan dalolat beradi. Devonni tadqiq etish bir jihatdan olim dunyoqarashini o‘rganishga yordam bersa, ikkinchi tarafdan adabiyotimiz tarixini boyitadi.
Muhammad Buxoriyning arab tilshunosligiga oid asari «Hoshiyai Mavlaviy Sharif bar favoidi Ziyoiyya» («Mavlaviy Sharifning Ziyoiy foydalarga izohi») deb ataladi. Izohlar “Al-Kofiya” nomli Ibn al-Hojib qalamiga mansub bo‘lgan grammatika haqidagi asar sharhiga bitilgandir.
