Bahodirxon Abulg‘oziyxon
(1605-1664)

Bahodirxon Abulg‘oziyxon Xiva xonligida XVII asarda vujudga kelgan tarixnavislik maktabiga asos solgan olimdir.

Abulg‘oziyxon zamonasining atoqli tarixchisi va olimi sifatida «Shajarayi turk» nomli mashhur asarini yozgan.

Bu asarni Abulg‘oziyxon «Shajarayi turk»ning o‘zida keltirilgan baʼzi maʼlumotlarga qaraganda oxirigacha yozib tamomlashga ulgurmagan. Uning maʼlum qismi Abulg‘oziyxon vafotidan so‘ng Mahmudiy ibn Muhammad Zamon Urganjiy tomonidan yozib tamomlangan.

Bu asardan hozir Toshkentda O‘zbekiston Fanlar Akademiyasi Abu Rayhon Beruniy nomidagi Sharqshunoslik institutining qo‘lyozma asarlari xazinasida to‘rt nusxa saqlanmoqda. Ulardan eng qadimiysi 851 raqamli nusxa bo‘lib, XVII asr oxiri yoki XVIII asr boshlarida ko‘chirilgan. Shuningdek, Abulg‘oziyxonning «Shajarayi tarokima» va «Manofeʼ ul-inson» asarlarining qo‘lyozma nusxalari ham mazkur institut qo‘lyozma asarlar xazinasida saqlanmoqda.

Abulg‘oziyxonning madaniy-ilmiy merosini tadqiq etish ancha ilgari boshlangan. Abdulg‘oziyxonning hayoti va ijodiga oid maʼlumotlar qomuslar, jurnallar va to‘plamlarda keltirilgan. «Shajarayi turk» asarining matni 1824 yili Qozon shahrida akademik Fren tomonidan nashr etilgan. So‘ngra bu asarning matni (1871) va fransuz tiliga qilingan tarjimasi 1874 yili Sankt-Peterburgda professor Baron Demezon tomonidan nashr etilgan. Keyinchalik G. S. Sablukov bu asarni rus tiliga tarjima qilib, Qozonda nashr etdirgan. Abulg‘oziyxonning turkmanlar tarixiga oid «Shajarayi tarokima» asarining matni va tarjimasi tadqiqotlar bilan akademik A. N. Kononov tomonidan (Moskva, Sankt-Peterburg) 1958 yili nashr etildi.

«Shajarayi turk» asarining matni hozirgi joriy alifboda 1992 yili Toshkentda akademik B. Ahmedov so‘zboshisi bilan nashr etildi. Shunday qilib, Abulg‘oziyxon qator tarixiy asarlar ijod etgan o‘z davrining yetuk tarixnavis olimi, davlat arbobi va lashkarboshisi edi. Abulg‘oziyxonning turli maʼlumotlarga boy tarixiy asarlari Xorazm tarixini va umuman aytganda, turkiy xalqlar tarixini o‘rganishda muhim manbadir.