Mirzo Muhammad Haydar Dug‘lot
(1499-1551)

Mirzo Muhammad Haydar Dug‘lot — Markaziy Osiyoning XVI asrdagi atoqli muarrixi, adibi va davlat arbobi bo‘lib, mashhur «Tarixi Rashidiy» asarining muallifi sifatida tarix sahifalaridan mustahkam o‘rin olgan. Adabiyotda ko‘pincha Mirzo Haydar ismi bilan ataladi.

«Tarixi Rashidiy»ni o‘qir ekanmiz, muallif Mirzo Haydar o‘zining hayotiy-falsafiy mulohazalari, o‘z davri maʼnaviy-madaniy tushunchalari haqida so‘zlaganida aytib o‘tgani — o‘zi o‘qigan oltmishdan ortiq asarlarni nazarga olsak, aytish mumkinki, tarixnavisning bilim doirasi o‘z davrining yuksak maʼrifatli, bilimli kishilari qatorida bo‘lgan. Chunonchi mazkur asarlar mazmuniga ko‘ra, Mirzo Haydar tanish bo‘lgan quyidagi sohalarni sanab o‘tish mumkin: tarix, adabiyot va sheʼriyat nazariyasi (aruz, muammo, insho sanʼati), jug‘rofiya, astronomiya, tasavvuf, fiqh, Islom dini tarixi, falsafa, arab grammatikasi va hokazo. Asarda keltirilgan Temuriylar, ayniqsa, Alisher Navoiy doirasidagi adabiy-maʼnaviy hayot haqidagi maʼlumotlar esa mukammalligi bilan Mirzo Haydarning o‘zi ham shu davr ilmiy-madaniy va adabiy anʼanalari bo‘yicha tarbiya olganligini bildiradi.

«Tarixi Rashidiy»ga kelsak, uni Mirzo Haydar Kashmirda ekanligida 1541—1546 yillar orasida yozgan. Asarning muqaddimasida aytilishicha, uni yozishdan maqsadi Mo‘g‘uliston mamlakatining 1347 yili taxtga o‘tirgan Tug‘luq Temur davridan to muallif zamonigacha to‘liq tarixini yaratishdir. U aytadi: «Mo‘g‘ullar islom dinini qabul qilgandan so‘nggi davr haqida kichkinagina bo‘lsa ham bir tarixiy asar yo‘q».

«Tarixi Rashidiy» ikki qismdan iborat. Muallif ularni “daftar” deb ataydi. Birinchi daftarda Mo‘g‘uliston va Koshg‘arda hukm surgan Chig‘atoy xonlari tarixi ulardan birinchi bo‘lib islom dinini kabul qilgan Tug‘luq Temurxondan boshlab to 1533 yili taxtga o‘tirgan Abdurashidxon tarixi izchil ravishda yoritilgan.

Ikkinchi daftar 1541—1542 yillarda yozilgan. Unda tarixiy voqealar va muallifning o‘z sarguzasht-kechinmalari esdaliklar janrida bayon etilgan.

Asarning «Tarixi Rashidiy» deb atalganligiga Mirzo Haydar uch sababni ko‘rsatadi:

Mo‘g‘uliston xoni Tug‘luq Temurni Islomga keltirgan Shayx Arshaduddin nomini abadiylashtirmoq uchun.

«Haq yo‘l», «To‘g‘ri yo‘l» maʼnosini anglatuvchi “Rushd” so‘zini taʼkidlamoq uchunki, Islomni qabul qilgan Tug‘luq Temur o‘z tobeʼlarini ham shu yo‘lga boshlagan.

Asar yozilayotgan vaqtda Mo‘g‘ulistonda hukm surib turgan Abdurashidxon nomini eslatmoquchunki, garchi u o‘z tarbiyachisiga yomonlik istagida bo‘lib, do‘stlik vaʼdalarini unutgan bo‘lsa-da, uning otasi Sulton Sayyidxonning muallifga qilgan yaxshiliklarini qadrlash uchun.

Mirzo Haydar o‘z asarida Markaziy Osiyoning hozirgi O‘zbekiston, Qirg‘iziston, janubi-sharqiy Qozog‘iston hamda Sharqiy Turkiston hududlariga to‘g‘ri keladigan o‘lkalar haqida yozar ekan, bu joylarda yashovchi o‘zbek, qozoq, uyg‘ur, qalmoq kabi xalqlarning siyosiy, xo‘jalik sohalariga, madaniy hayot va bir-birlari bilan aloqalariga oid ko‘plab maʼlumotlar keltiradi. Tibet, Kashmir, Badaxshon hududdariga bo‘lgan harbiy yurishlarni yoritganida, bu mamlakatlar haqida ham tarixiy, etnografik, jug‘rofiy maʼlumotlar beradi.

«Tarixi Rashidiy»da bulardan tashqari Husayn Boyqaro, Alisher Navoiy, Abdurahmon Jomiylar doirasidagi Hirot madaniy-adabiy muhitiga, Movarounnahrda Ulug‘bek, Xoja Ubaydulloh Ahror davridagi ilmiy-maʼnaviy hayotga oid, tasavvuf namoyandalari va ularning risolalariga oid ishonchli va qiziqarli maʼlumotlarni uchratish mumkin.