Zahiriddin Muhammad Bobur
(1483-1530)
Zahiriddin Muhammad Bobur o‘rta asr Sharq madaniyati, adabiyoti va sheʼriyatida o‘ziga xos o‘rin egallagan adib, shoir, olim bo‘lish bilan birga yirik davlat arbobi va sarkarda hamdir. Bobur keng dunyoqarashi va mukammal aql-zakovati bilan Hindistonda Boburiylar sulolasiga asos solib, bu mamlakat tarixida davlat arbobi sifatida nomi qolgan bo‘lsa, serjilo o‘zbek tilida yozilgan “Boburnoma” asari bilan jahonning mashhur tarixnavis olimlari qatoridan ham joy oldi. Uning nafis g‘azal va ruboiylari turkiy sheʼriyatining eng nodir durdonalari bo‘lib, “Mubayyin” («Bayon etilgan»), «Xatti Boburiy», «Harb ishi», Aruz haqidagi risolalari, Islom qonunshunosligi, sheʼriyat va til nazariyasi sohalariga munosib hissa bo‘lib qo‘shildi.
“Boburnoma” — Movarounnahr, Xuroson, Hindiston, Eron xalqlarining XV asr oxiri — XVI asrning birinchi yarmidagi tarixini o‘zida aks ettirgan bo‘lsa ham, shu bilan birga juda ko‘p dolzarb iqtisodiy, ijtimoiy masalalar, yuqorida nomlari keltirilgan viloyatlarning o‘zaro siyosiy-iqtisodiy va savdo munosabatlari, jug‘rofiy mavqei, iqlimi, o‘simlik va hayvonot dunyosi, tog‘lari, daryolari, xalqlari, qabila va elatlari va ularning yashash sharoitlari, urf-odatlari, muhim tarixiy inshootlari — hindular va musulmonlarning ibodatxonalari, to‘y va dafn marosimlari haqida nihoyatda nodir maʼlumotlarni o‘ziga qamrab olgan shoh asardir. Shu bois “Boburnoma” tarixiy va adabiy meros sifatida dunyo olimlarini hayratda qoldirib kelmoqda.
Bobur lirik sheʼrlari va tarixiy “Boburnoma”sidan tashqari islom qonunshunosligi va boshqa sohalarda ham asarlar yaratgan. 1522 yilda o‘g‘li Humoyunga atab yozgan. “Mubayyin” nomli asarida o‘sha zamon soliq tizimini, soliq yig‘ishning qonun-qoidalarini, shariat bo‘yicha kimdan qancha soliq olinishi va boshqa masalalarni nazmda izohlab bergan. «Xatti Boburiy» deb atalgan risolasida arab alifbosini turkiy tillar, xususan o‘zbek tili nuqtai nazaridan birmuncha soddalashtirib berishga harakat qilgan. U, tajriba sifatida «Xatti Boburiy» alifbosida Kurʼoni Karimni ko‘chirgan. Boburning aruz vazni va qofiya masalalariga bag‘ishlangan. “Mufassal” nomli asari ham bo‘lganligi maʼlum, biroq bu asar bizgacha yetib kelmagan.
Bobur o‘zining maʼlum va mashhur asarlari bilan tarixnavis adib, lirik shoir va ijtimoiy masalalar yechimiga o‘z hissasini qo‘shgan olim sifatida xalqimiz maʼnaviy madaniyati tarixida munosib o‘rin egallaydi.
