Kamoliddin Behzod
(1455 -1535)

G‘arbda “Sharq Rafaeli” deb tan olingan Behzoddan bizga qadar rang-barang janrlarda ko‘plab asarlar qolgan. U Sharq tasviriy sanʼatini janr, mavzu, g‘oyaviy yo‘nalishi, tuzilishi, ranglar tanosibi, shakl va voqealar mutanosibligi jihatdan yangi taraqqiyot cho‘qqisiga ko‘taradi; oddiy hayotiy voqea-hodisalardan tortib, mashriqzaminda keng yoyilgan anʼanaviy lavhalar asosida go‘zal miniatyuralar chizdi, daho allomalarning shoh asarlarini, tarix kitoblarini bezadi; zamonasidagi buyuk shaxslarning aksini – portretini yaratdi.

Jumladan, u Nizomiy Ganjaviy “Xamsa”si, Amir Hisrav Dehlaviyning «Layli va Majnun» (1492), Farididdin Attorning «Mantiqut tayr» (1494) asarlariga g‘oyatda go‘zal miniatyuralar chizgan.

Bu asarlar doston yoki xikoyatda tasvirlangan voqeaning moʻjaz bir tarzda o‘zidamujassalashtirgani, qahramonlarning har biri o‘ziga xos bir tarzda ifodalanganligi bilan kishi diqqatini o‘ziga tortadi. Masalan, Nizomiyning “Xamsa”siga chizilgan «Layli va Majnun maktabda» nomli surat o‘zining har jihatdan mukammalligi bilan diqqatga molik.

1903 yili Germaniyada sanʼat ko‘rgazmasi ochilgan. Unda Behzod va uning zamondoshlari asarlari namoyish etiladi. Ko‘rgazmani Anri Matiss, Sezann kabi fransuz rassomlari ko‘rib, hayratga tushishadi.