Fasih Xavofiy
(1375-1442)

Fasih Xavofiyning maʼlum bo‘lgan birdan-bir asari «Mujma ut-tavorix» («Tarixiy sanalar yig‘indisi»)ni yozishga kirishgan. (Bu asar «Mujmai Fasihiy» ham deb yuritilgan).

Kitob muqaddima, ikqi maqola va xotimadan iborat bo‘lib, muqaddima Odam Atodan tortib Muhammad payg‘ambarning tavalludigacha (570—580) bo‘lgan tarixni o‘z ichiga oladi.

Birinchi maqola “Muqaddima”ning bevosita davomi bo‘lib, «Payg‘ambarning 53 yoshigacha, yaʼni uning Makkadan Madinaga qilgan hijratiga (622 yil) qadar bo‘lgan tarixdan hikoya qiladi. Asarning asosiy va katta qismi ikkinchi maqola bo‘lib, 622 yildan 1442 yilgacha bo‘lgan voqealar sharhidan iborat.

Shuningdek, «Mujma ut-tavorix»da Amir Temur avlodiga bag‘ishlangan “Foyda” deb ataluvchi bo‘lim bor. Asarda tarixiy faktlar o‘ziga xos bir yo‘sinda sharhlanganki, voqealar jarayoni bir-biriga uzviy bog‘langan, turli-tuman tafsilotlar juda qisqa tarzda bayon qilinib, sodir bo‘lgan yillari tartibi bilan joylashtirilgan.

«Mujma ut-tavorix»da madaniy turmushga, shoirlar, olimlar kabi o‘z davrining ko‘zga ko‘ringan ziyolilari hayotiga oid maʼlumotlar ham juda ko‘p uchraydi. Xavofiy ayrim shaxslar to‘g‘risida gapirar ekan, ularning yozib qoldirgan asarlari, vafot qilgan yili, baʼzan tug‘ilgan yillarini ham albatta eslatib o‘tadi. Masalan, «Nuzhat al-arvoh» («Ruhlar huzurida») asarining muallifi Amir Sayyid Olim al-Husayniy vafot qilgan yilini (1318 yil, 11 dekabr) keltirib, shu bilan birga Hirotda o‘lganligini aytadi uning tasavvufda shuhrat topganligini, Bahovuddin Zakariyo Multoniyning muridi bo‘lganligini va bir qancha asar yozganligini eslatadi.

Bulardan tashqari, har xil tabiiy ofatlar, xalq boshiga tushgan qiyinchiliklar ham allomaning diqqatidan chetda qolmagan. «Mujma ut-tavorix»da 1337 yili Hirot viloyatlaridan biri bo‘lmish Havofda, 1363 yili Hirotda, 1405 yili Nishopurda sodir bo‘lgan zilzilalar, 1350 yili Yazdda, 1388 yili Tabrizda, 1406 yili Hirotda voqe bo‘lgan ocharchilik va qahatchilik, 1345 yili Xorazmning Jurjoniyasida (Ko‘hna Urganchga yaqin), 1346 yili Tabrizda, 1459 yili Ozarbayjonda tarqalgan vabo kasalligi haqidagi maʼlumotlar ham keltirilgan.