Alisher Navoiy
(1441-1501)

Buyuk shoir va mutafakkir, atoqli davlat va jamoat arbobi Alisher Navoiyning bebaho ijodiy-ilmiy merosi nafaqat xalqimiz, balki jahon adabiyoti tarixida, milliy madaniyatimiz va adabiy-estetik tafakkurimiz rivojida alohida o‘rin tutadi.

Alisher Navoiy o‘z qo‘li bilan birinchi devoni “Badoyiul-bidoya” («Badiiylik ibtidosi»)ni tuzdi. Bu devonga uning yoshlik va yigitlik paytlarida yozgan 800 dan ortiq sheʼrlari jamlangan bo‘lib, shoir ijodiy kamolotining birinchi bosqichini aks ettiradi.

Alisher Navoiyga bag‘ishlangan tarixiy va ilmiy asarlarda batafsil tavsif qilinishicha, 1469—1481 yillar Alisher Navoiyning ijtimoiy hayot va obodonchilik borasidagi eng faol xizmat ko‘rsatgan yillari bo‘lgan. Shoir 1481 yili “Vaqfiya” asarini yozib, unda o‘zining binokorlik va xayriya ishlariga yakun yasab, o‘z-o‘ziga hisob bergan.

1483 yildan Alisher Navoiy o‘zining buyuk “Xamsa” asarini yozishga kirishdi va uni uch yilda tugalladi. Besh dostonni o‘z ichiga olgan bu ulkan badiiy qomus 50 ming misradan oshiq bo‘lib, Navoiyning barcha sheʼriy merosini deyarli yarmini tashkil qiladi. “Xamsa” — Alisher Navoiy ijodining qalbidir.

Navoiy o‘z “Xamsa”sini yaratishga 1483 yilda kirishgan bo‘lsa, o‘ning birinchi dostoni «Hayrat ul-abror» («Yaxshi kishilarning hayratlanishi»)ni o‘sha yili yozib tugatdi. 1484 yilda «Farhod va Shirin», «Layli va Majnun», «Sabʼai sayyor» («Yetti sayyor»), 1485 yilda «Saddi Iskandariy («Iskandar devori») dostonini poyoniga yetkazdi. Shoir o‘z “Xamsa”siga kiritilgan dostonlarda o‘sha davr uchun muhim bo‘lgan muammolarni qo‘ydi, mutafakkir sifatida ilg‘or qarashlarni ilgari surdi, o‘zbek tilining qudratini olamga namoyish etdi.

1492 yilda aruz ilmiga bag‘ishlangan «Mezon ul-avzon» (Vaznlar o‘lchovi») risolasi yozildi va shoir o‘z lirik ijodini qayta taqsimlab, yangi devonlar majmui «Xazoyin ul-maoniy» («Maʼnolar xazinasi»)ni yaratish ishiga astoydil kirishdi. «Chor devon» nomi bilan shuhrat qozongan bu buyuk majmua 45 ming misraga yaqin turli janrlardagi kichik va o‘rta hajmli sheʼrlarni o‘zida jamlagan bo‘lib, «G‘aroyib us-sig‘ar» («Bolalik ajoyibotlari»), «Navodir ush-shabob» («Yigitlik davri nodirliklari»), «Badoyeʼ ul-vasat» («O‘rta yosh kashfiyotlari»), «Favoyid ul-kibor» («Keksalikdagi foydali mulohazalar») nomlari bilan ataladi. Bu to‘rt jildda 16 janrga oid 3000 dan ortiq sheʼr bo‘lib, ularda 2600 g‘azal, 210 qitʼa, 133 ruboiy, 86 fard, 52 muammo va boshqalar mavjud. «Xazoyin ul-maoniy»ga oldingi ikki alohida devondagi sheʼrlarning deyarli barchasi kirgan bo‘lib, keyin yaratilgan 1400 ga yaqin yangi asarlar qo‘shilgan.

Bu turkiy tilda yozilgan asarlari, dostonlari, sheʼrlaridan tashqari Navoiy fors tilida ham 12 ming misradan oshiq sheʼr, muammo janri haqida “Mufradot” risolasini, «Sittayi zaruriya», «Fusuli arbaa» turkum qissalarini yozdi, “Foniy” taxallusi bilan alohida devon tuzdi. Ushbu asarlar Xoqoniy, Amir Xusrav, Saʼdiy, Hofiz, Kamol Xo‘jandiy, Jomiy kabi fors adabiyotining mumtoz namoyandalari bilan ijodiy bahsda tug‘ilgan bo‘lib, ham badiiy ifoda, ham mazmuniy teranliqda salaflar bilan teng qudrat namoyish etadi.

Navoiy 1498 yilda «Lison ut-tayr», 1499 yilda «Muhokamat ul-lug‘atayn», 1500 yili «Mahbub ul-qulub» asarlarini yozdi. Bu uch asar buyuk shoir va mutafakkir ijodining avj nuqtalari edi. Adib «Muhokamat ul-lug‘atayn» da o‘zining butun ijodiy yo‘lini sarhisob qilib, turkiy tildagi sheʼriyatning qudratini taʼkidlagan. Unda, jumladan, quyidagi maʼlumot bor: «Chun «Lison ut-tayr» ilhomi bila tarannum tuzupmen, qush tili ishorati bila haqiqat asrorini majoz suratida ko‘rguzupmen». Alisher Navoiy go‘daklik chog‘laridan tasavvuf sheʼriyatining ustodi Farididdin Attor yaratgan «Mantiq ut-tayr» asariga mehr qo‘ygani bizga maʼlum. Umrining oxirida ushbu asarga tatabbu — javob yozar ekan, o‘zining shungacha yozgan barcha asarlariga falsafiy yakun yasaydi. Attor asari Borliqning yagona mohiyati haqida, Haq asrori va inson uchun uni anglab yetish imkon darajasi haqida edi. «Lison ut-tayr» mazmuni «Mantiq ut-tayr»ga zid yoki undagi fikrlarning takrori ham emas, balki yangi tarixiy-maʼnaviy bosqichdagi sharhi, talqinidir.

Alisher Navoiy ijodini o‘rganish, uning ilmiy tahlili bo‘yicha so‘nggi yillarda qator taniqli tadqiqotchilar ish olib bordilar va bugungi kunda ham Navoiyning merosi ko‘pgina olimlarimizni ilhomlantirib keladi.