Mirzo Ulug‘bek
(1394-1449)

Ulug‘bek atrofida to‘plangan Samarqand olimlari katta ahamiyat bergan eng muhim ilmiy yo‘nalishlardan biri astronomiya fani edi. Islomdagi eng avvalgi astronomik asarlar “Zij” deb atalib, ular asosan jadvallardan iborat bo‘lgan. Ulug‘bekdan avval yozilgan eng mukammal “zij” lar Beruniyning «Qonuni Masʼudiy» si va Nasriddin Tusiyning 1256 yili yozib, Xulashxonga taqdim etgan «Ziji Elxoniy» asari edi.

Ulug‘bek ilmiy merosining eng asosiysi, maʼlum va mashhuri uning “Zij”i bo‘lib, bu asar «Ziji Ulug‘bek», «Ziji jadidi Guragoniy» deb ham ataladi. “Zij”dan tashqari uning qalamiga mansub matematik asari «Bir daraja sinusini aniqlash haqida risola», astronomiyaga oid «Risolayi Ulug‘bek» (yagona nusxasi Hindistonda, Aligarh universiteti kutubxonasida saqlanadi) va tarixga doir «Tarixi arbaʼ ulus» («To‘rt ulus tarixi») asaridir. Endi “Zij” ning mazmuni haqida to‘xtalaylik. Asarning birinchi — «Taʼrix, yaʼni xronologiyaning maʼrifati» deb nomlangan maqolasi (kitobi) yetti bobdan iborat bo‘lib, u eralar va kalendar masalalariga bag‘ishlangan. Bu boblarda islomda qo‘llaniladigan asosiy era — hijriy erasi, suryoniy-yunoniy erasi, “jaloliy” erasi, xitoy va uyg‘ur erasi, forsiy-qadimiy erasi va bu eralarda keltirilgan sanalarni biridan biriga moslashtirib ko‘chirish hamda bu eralardagi mashhur kunlar haqida bahs yuritiladi. Bundan tashqari ushbu maqolada turkiy muchal yillari haqida ham mufassal bayon etiladi.

“Zij”ning uchinchi maqolasi 13 bobdan iborat bo‘lib, faqat astronomiya masalalariga bag‘ishlangan. Bunda Quyosh, oy va besh sayyoraning harakatlari haqida bahs yuritiladi. Asarda keltirilgan jadvallarning aksariyati shu maqolaga taalluqlidir. Bu jadvallar orasida eng ahamiyatga ega bo‘lgani 13-bobda keltirilgan va «Turg‘un yulduzlarning uzunlama va kenglama bo‘yicha holatlarini aniqlash» deb atalgan yudsuzlar jadvalidir.

Ulug‘bekning “Zij”i umuman olganda to‘liq ravishda o‘rganilmagan va biror zamonaviy tilga to‘la tarjima etilmagan.