G‘iyosuddin al-Koshiy
(1380-1429)

Jamshid ibn Masʼud ibn Mahmud G‘iyosuddin al-Koshiy (ko‘proq G‘iyosuddin al-Koshiy ismi bilan mashhur) — XIV-XV asrda o‘z fanining bilimdonlari — riyoziyotchilar, tabiblar va hunarmandlari bilan shuhrat qozongan Koshonda tug‘ilgan.

Jamshid Koshiy XIV-XV asrning riyoziyot va falakiyot ilmining buyuk allomalaridan biri sifatida ajoyib riyoziyot qomusi — «Miftoh al-hisob» («Hisob kaliti») asari bilan Yaqin va O‘rta Sharq mamlakatlarida, shuningdek, Markaziy Osiyoda mashhur edi. Ushbu asarda sistemali ravishda bayon etilgan o‘nli kasrlar taʼlimoti al-Koshiyning yuqori ilmiy yutuqlaridan biri edi.

Koshiy hijriy 814 (1411-1412) yilda al-Chag‘miniyning «Falakiyot haqida qisqartmalar» asariga va 1413 yilda esa XIII asrning ikkinchi yarmidagi samarqandlik olim va falakiyotchi Shamsuddin Muhammad Samarqandiyning «Ashkol at-taʼsis fi-l-handasa» («Handasa ilmida shakllar asosi») geometrik risolasiga o‘z sharhlarini tuzib chiqqan.

Maktubning forscha matni eron olimi M. Tabotaboiy (Eron, 1940), turk olimi Oydin Sayiliy tomonidan ingliz va turk (Anqara, 1960), amerikalik olim E. Kennedi tomonidan ingliz (Rim, 1960), arab olimi Ahmad Saʼid Damardosh tomonidan arab (Misr, 1963), tojik olimlari G‘. Sobirov va N. Boboyev rus (Dushanbe, 1973), shuningdek, Toshkentda rus (1979) va o‘zbek (1996) tillariga tarjima qilinib, nashr etilgan. Bundan tashqari, Koshiyning «Sullam as-samovat» («Osmonlar narvoni»), «Nuzhat al-hadoyiq» («Bog‘lar sayri»), «Risola al-vatar alh-jayb» («Xorda va sinuslar haqida risola») kabi asarlari ham bizgacha yetib kelgan va bu asarlar Movarounnahr ilmiy-adabiy muhitiga salmoqli o‘rin egallagan.