Qozizoda Rumiy
(1364-1436)

Movarounnahrda shuhrat qozongan ulkan matematik va astronomlardan biri Qozizoda Rumiydir.

Olimning qalamiga mansub asarlar quyidagilardir:

1. «Risola fi-l-hisob» («Hisob haqida risola»). Arifmetikaga doir arab tilida yozilgan risola bo‘lib, unda kasr va butun sonlarning o‘nlik uslublaridagi hisobi bayon etilgan. Risola 1382 yili Bursada yozilgan. Ikkita qo‘lyozmasi Mashhadda imom Rizo kutubxonasida saqlanadi.

2. «Sharhi mulaxxis fi-l-hayʼa» («Astronomiya haqida qisqacha risolaning sharhi»). Asar Mahmud ibn Muhammad ibn Umar al-Xorazmiy al-Chag‘miniyning (XIII asr) «Mulaxxis fi-l-hayʼa» nomli asariga arab tilida yozilgan sharhidan iborat. Sharh hijriy 1412 yili Ulug‘bek uchun Samarqandda yozilgan. Risolaning 150 dan ortiq qo‘lyozma nusxalari dunyodagi turli kutubxonalarda saqlanadi.

3. «Sharhi ashkol at-taʼsis». Bu risola XV asrda yashagan matematik Shamsiddin Samarqandiyning «Ashkol at-taʼsis» («Asoslangan jumlalar») nomli geometriyaga doir risolasiga arabchada yozilgan sharhidir. Bu ham 1412 yili Samarqandda Ulug‘bek uchun yozilgan. Bu risolaning ham 70 dan ortiq qo‘lyozmalari bo‘lib, turli kutubxonalarda mavjuddir.

4. «Risola al-jayb» («Sinus haqida risola»). Bu risolada bir darajaning sinusini aniqlashning yangi bir usuli bayon etilgan, arab tilida Samarqandda yozilgan. Uning ikki qo‘lyozmasi Istambulda Sulton Muhammad kutubxonasida saqlanadi.

5. «Dar bayoni istirohati jaybi yak daraja» («Bir daraja sinusini aniqlash usulining bayoni haqida»). Bu risola ham oldingi risola mavzusiga bag‘ishlangan va fors tilida Samarqandda yozilgan.

6. «Dastur al-amal va tasʼhiq al-jadval» («Amal dasturi va jadvallarini tuzatish»). Arabchada yozilgan va Ulug‘bek “Zij”idagi bir matematik masalaning sharhiga bag‘ishlangan. Birgina qo‘lyozmasi Tbilisida saqlanadi.

7. “Misoxa” (“O‘lchash”). Arab tilida yozilgan, yuzalarni o‘lchashga bag‘ishlangan risola. Bir nusxasi Mashhadda Mavlaviy kutubxonasida saqlanadi.

8. «Risola fi-l-hayʼa va-l-handasa» («Astronomiya va geometriya haqidagi risola»). Birgina nusxasi Turkiyada, Bursa shahrida saqlanadi.

9. «Sharh at-Tazkira». Nasiriddin Tusiyning “At-Tazkira” nomli arab tilidagi risolasiga sharh.

10. «Sharh Tahrir al-Majistiy» arab tilida yozilgan. Astronomiyaga doir risola, ikki qo‘lyozmasi Berlin va Londonda saqlanadi.

11. «Risola fi ilm al-hayʼa» («Astronomiya ilmi haqida risola»). Birgina qo‘lyozmasi Sankt-Peterburgda saqlanadi.

12. «Risola fi rubʼ al-mujayab» («Sinus kvadrat haqida risola»). Arab tilida. Qo‘lyozmalari Sankt-Peterburg, Mashhad va Tehron kutubxonalarida saqlanadi.

13. «Lima kana halla kavni nisba irtifaʼ aʼzam al-jibol ila qutri al-arz kanisba subʼ ard shaʼira ila ziraʼ» («Nima uchun tog‘larning eng balandining Yer diametriga nisbati arpa donining bir gazga nisbati kabi ekanligi qabul qilingani»). Yer o‘lchamiga bag‘ishlangan arab tilidagi risola. Birgina qo‘lyozmasi Berlinda saqlanadi.

14. «Risola fi samiy al-qibla» («Qibla azimuti haqida risola»). Qo‘lyozmasi Bursada (Turkiya) saqlanadi.

15. «Sharh hikmat al-ayn». Al-Qazviniyning «Hikmat al-ayn» nomli risolasiga sharh, arab tilida. Qo‘lyozmalari Bog‘chasaroy (Qrim), Berlin, Dushanbe, Qozon, Qohira va boshqa ko‘plab shaharlardagi kugubxonalarda saqlanadi.

Ulug‘bek rasadxonasining yetuk namoyandalaridan sanalgan va Ulug‘bekdek buyuk olimni tarbiyalagan Qozizoda Rumiy qoddirib ketgan adabiy-ilmiy meros bugungi avlodning oltin mulki hisoblanadi. Lekin shuni ham taʼkidlab o‘tish joizki, bu olimning qator asarlari o‘z tadqiqotchilarini hanuzgacha kutib yotibdi.