Imom Ustrushaniy
(XII ASR)

Imom Ustrushaniy (Abul-Fath Muhammad ibn Mahmud ibn Husayn ibn Ahmad Majduddin al-Ustrushaniy) Jizzaxda tug‘ilgan.

U XII asr oxiri va XIII asrning birinchi yarmida Movarounnahrda yashab, yuksak ilmiy salohiyati bilan fiqh ilmining rivojiga munosib hissa qo‘shgan ustrushanalikulug‘ allomadir. Majduddin Ustrushaniy fiqh ilmi jadal rivojlangan Qoraxoniylar davrida Ustrushanada tavallud topgan, fiqh ilmidan dastlabki saboqni mahalliy faqihlardan o‘rgangan.

Ishonchli qo‘lyozma manbalarga qaraganda, Mahmud va uning o‘g‘li Muhammad Ustrushaniyning ustozi Burhoniddin Marg‘inoniy hisoblanadi. Ustrushaniylar shakllangan ilmiy muhit asosan hanafiy mazhabi olimlari taʼsirida bo‘lgan. Eng muhimi, Imom Ustrushaniyning nafaqat «Jomiʼ ahkom as-sig‘or» asari, balki «Kitab al-fusul», «Kurrat al-aynayn fi islah ad-dorayn», “al-Fatovo”, «al-Kurud va-d-duyun» va «Al-Asʼila val-ajviba» kabi boshqa asarlari ham o‘z davrida katta shuhrat qozongan.

Majduddin Ustrushaniyning «Jomiʼ ahkom as-sig‘or» asari bundan sakkiz yuz yil avval dunyo tarixida bola huquqlariga bag‘ishlab yozilgan ilk huquqiy manba ekanini alohida qayd etish darkor. Bunday nodir asar mavjud ekanining o‘ziyoq, fikrimizcha, olis tarixda yurtimizda zabardast ulamolar va fiqhshunos olimlar tomonidan ko‘pgina huquqiy munosabatlar, shu jumladan, islom huquqining tizimi, mohiyati, manbalari va rivojlanish bosqichlari mukammal o‘rganilib, bu borada nodir asarlar yaratilganini yaqqol tasdiqlab turibdi.

Imom Ustrushaniyning «Jomiʼ ahkom as-sig‘or» asari voyaga yetmagan bolalarning haq-huquqlari xususida yozilgan fiqhiy asarlarning eng mukammalidir. Asarda hanafiy mazhabi bo‘yicha yosh bolalarga taalluqli fiqhga oid tarqoq holda berilgan yuzga yaqin manbalardan olingan 1 ming 280 dan ortiq fatvo o‘z mujassamini topgan.