Nosir Xisrav
(1004-1088)
Nosir Xisrav adabiy, ilmiy, falsafiy, hikmatiy asar va risolalarini o‘sha davr anʼanasiga ko‘ra, dariy va arab tillarida yaratdi. Bizgacha mutafakkirning ikkita sheʼrlar devoni (biri forsiy, ikkinchisi arab tilida), “Rushnoinoma”, “Saodatnoma” masnaviylari, “Zodul-musofirin”, “Xon-ul-ixvon”, «Din vajhi», «Bo‘ston ul-uqul», «Jomeʼ ul-hikmatayn» kabi maʼnaviy-diniy asarlari, to‘qson ikki falsafiy, mantiqiy savollarga javob usulida yozilgan nasriy risola va mashhur “Safarnoma” si yetib kelgan.
Nosir Xisravning fors tilidagi sheʼrlar devoni diniy-mazhabiy, falsafiy, ijtimoiy-axloqiy va ishqu oshiqlik bahsiga bag‘ishlangan qasida, g‘azal, ruboiy, farz, qita singari janr namunalaridan iboratdir. Devondagi sheʼrlar 11000 baytni tashkil etadi.
“Rushnoinoma” — ixcham masnaviy bo‘lib, 592 baytdan iborat. Asarda donishmandning diniy, falsafiy, maʼrifiy, ijtimoiy-axloqiy qarashlari rangin misralarda yuksak shoirona nazokat ila kuylanadi.
“Saodatnoma” uch yuz baytdan iborat bo‘lib, unda “Rushnoinoma” dagi ayrim masalalar takrorlangan. Shuningdek, bir qator falsafiy-axloqiy muammolar o‘z rivojini topgan.
