Mahmud az-Zamaxshariy
(1075-1144)

Allomaning to‘liq ismi Abul Qosim Mahmud ibn Umar az-Zamaxshariy bo‘lib, u hijriy 467 yilning rajab oyining 27-kuni (1075 yil 19 mart) Xorazmning katta qasabalaridan biri — Zamaxshar qishlog‘ida tavallud topdi.

Buyuk mutafakkir az-Zamaxshariy arab grammatikasi, lug‘atshunoslik, adabiyot, aruz ilmi, jug‘rofiya, tafsir, hadis va fiqhga oid elliqdan ortiq asarlar yaratgan, ularning aksariyati bizgacha yetib kelgan.

Arab tilshunosligi va grammatikasining turli tomonlariga oid asarlar az-Zamaxshariy ijodida salmoqli o‘rin egallaydi. Jumladan, arab tili grammatikasiga oid “Al-Mufassal” (1121 yil) nomli asarini u Makkada yashagan paytida, bir yarim yil davomida yozgan. “Al-Mufassal” arab tili nahvu sarfini o‘rganishda yirik qo‘llanma sifatida azaldan Sharqda ham, G‘arbda ham shuhrat topgan asarlardan hisoblanadi.

Az-Zamaxshariy adabiyot, tafsir, hadis, fiqh ilmlari bo‘yicha ham mukammal asarlar yaratgan.

Olimning «Asos al-balog‘a» («Notiqlik asoslari») asari asosan lug‘atshunoslikka bag‘ishlangan. Unda arab tilining fasohati, mukammalligi haqida so‘z boradi. Fikrni chiroyli ibora va so‘zlar bilan ifodalash, so‘z boyligidan ustalik bilan foydalanish uchun kishi fasohat, balog‘at ilmlaridan yaxshi xabardor bo‘lishi kerak. Buning uchun so‘zni to‘g‘ri, o‘z o‘rnida ishlatish, qoidaga muvofiq so‘zlash va yozish ham kerak bo‘lgan. Bu asarda adabiyotning asosiy qismlari, frazeologik so‘z birikmalari, ularni amalda tadbiq etish yo‘llari chuqur tahlil qilingan.

Olimning aruz vazni haqida bahs yurituvchi «Al-Kustos fi-l-aruz» («Aruzda o‘lchov (mezon)») asari muhim manbalardan hisoblanadi. Alifbo tartibida yig‘ilgan arab maqollari, masallariga bag‘ishlangan boshqa bir asarini «Al-Mustaqso fil-amsol» («Nihoyasiga yetgan masallar») deb atagan. “Maqomat” (“Maqomlar”) — ellik maqomdan iborat bo‘lib, qofiyali nasr — sajʼ uslubining nozik namunalarini o‘zida mujassam etgan muhim asardir. «Devon ush-sheʼr» kitobi ham diqqatga sazovor asarlardan sanaladi. Az-Zamaxshariyning «Navobig‘ ul-kalim» («Nozik iboralar») asari esa arab lug‘atlarini o‘rganishga bag‘ishlangan yuksak did bilan yozilgan. Bu asar dastlab fransuz tiliga tarjima qilinib, asl nusxasi bilan birgalikda 1876 yili Parijda, 1870 yili Qohirada, 1884 yili Bayrutda, 1896 yili esa Qozonda nashr etilgan.

“Al-Kashshof”ning Toshkentda, jumladan, O‘rta Osiyo va Qozog‘iston musulmonlari diniya nazoratining kutubxonasida bir qancha qo‘lyozma nusxalari saqlanadi.