JAHON ILM-FANI RIVOJIGA ULKAN HISSA QO‘SHGAN MUTAFAKKIRLARIMIZNING ILMIY-MAʼRIFIY MEROSI HAQIDA
Qadimiy va betakror diyorimiz – O‘zbekiston zaminidan yetishib chiqqan buyuk alloma, adib va mutafakkirlarimizning yuksak gumanistik g‘oyalarga asoslangan boy maʼnaviy merosi umumbashariy sivilizatsiya va madaniyat, dunyoviy va diniy ilm-fan taraqqiyotiga ulkan hissa bo‘lib qo‘shilgani dunyo jamoatchiligi tomonidan haqli ravishda eʼtirof etiladi.
Ulug‘ ajdodlarimizning aql-zakovati va badiiy dahosi bilan yaratilgan noyob asarlar, xususan, matematika, mineralogiya, astronomiya, kimyo, tibbiyot, farmatsevtika, meʼmorlik, tarix, adabiyot, sanʼat, ilohiyot, falsafa va boshqa sohalarga oid manbalar nafaqat bizning xalqimiz, balki jahon ahlining bebaho boyligi hisoblanadi. O‘lkamiz xalqlarining jahon tamadduni ravnaqiga qo‘shgan hissasi eng avvalo aniq fanlar sohasidagi muhim kashfiyotlari bilan bog‘liq.
Qayd etish lozimki, Sharq uyg‘onish davrida – IX-XII asrlarda Xorazm va butun Janubiy Orol bo‘yi mintaqasida fan va madaniyatning taraqqiy etishida, ushbu o‘lkada tashkil etilgan ilmiy markazlarning xizmati beqiyos bo‘ldi. Ushbu davrdagi butun mintaqamizdagi yirik ilmiy-madaniy markazlardan biri Xorazm davlati markazi Gurganch (hozirgi Ko‘hna Urganch) shahrida tashkil etildi.
«Dorul hikma va maʼorif» — («Bilimdonlik va maʼorif uyi») deb nomlangan ushbu ilmiy markaz 1004 yilda Xorazm hukumdori Ali ibn Maʼmun tashabbusi bilan tashkil etilgan edi. Umuman, Xorazm Maʼmun akademiyasida faoliyat ko‘rsatgan olimlarning jahon ilm-fan taraqqiyotiga qo‘shgan eng katta hissasi qadimgi yunon, hind, va O‘rta Sharqning buyuk allomalari kashf qilgan ilmiy nazariyalarni tanqidiy o‘rganib, uni yana ham takomillashtirishida bo‘ldi.
Shu davrlarda mamlakatimiz tarixiga oid qator jahonshumul ahamiyatga molik kitoblar yozilib, unda ilmiy-tarixiy maʼlumolardan tashqari mamlaktamiz huddidagi aholining maʼrifiy hayoti va urf-odatlari yorqin misollarda aks ettirilgan.
Xorazmda Maʼmun akademiyasini tashkil etilishi zamirida bir haqiqat yotardi, u ham bulsa, o‘sha davrlarda o‘lkamizda yuzlab ilm-fan darg‘alari faoliyat ko‘rsatayotgan va turli sohalarda jahon tamadduni rivojiga xizmat qiluvchi asarlar bitilgandi.
Masalan, Abu Bakr Muhammad ibn Jaʼfar Narshaxiyning “Tarixi Buxoro” kitobi shuhrat topgan nodir asarlar qatoridan munosib o‘rin egallagan. Qayd etish zarurki, u Buxoro ahlidan (Narshax qishlog‘idan) bo‘lib, 286 hijriy (899 melodiy) yili tavallud topgan va 348 (959) yili vafot etgan.
“Tarixi Buxoro” kitobida birgina Buxoro tarixi emas, balki butun Markaziy Osiyo tarixi bayon etilgan. Bu asar Buxoro va quyi Zarafshon vohasida joylashgan shahar va qishloqlarning jo‘g‘rofiy holati aholisining VII-IX asrlardagi ijtimoiy-siyosiy hayotini aks ettirgan qimmatli tarixiy manbadir.
Narshaxiyning bu kitobida Buxoro vohasining obod bo‘lishi, ovchilik, baliqchilik va dehqonchilikning kasb etilishi, Numijkat, Poykand, Afshona, Varaxsha, Romiton, Vardona kabi qadimiy qishloqlarning barpo bo‘lishidan tortib, to Buxoro shahrining qad ko‘tarishigacha bo‘lgan muhim tarixiy voqealar to‘g‘risida hikoya qilinadi. Kitobda Markaziy Osiyoda arab xalifaligi hukmronligining o‘rnatilishi, Islom dinining tarqatilishi, otashparastlik va u bilan bog‘liq madaniy hayotning inqirozi, Muqanna — «Oq kiyimliklar» harakati, Somoniylar davridagi davlat idorasi, madaniy qurilishlar borasida turli-tuman qimmatli ilmiy maʼlumotlar keltirilgan.
Asarda Buxoroning iqtisodiy-ijtimoiy va madaniy hayotiga, ayniqsa, pul munosabatlariga, xiroj yig‘ish tizimiga oid maʼlumotlar bor. «Buxoro tarixi»da yer-suv munosabatlari haqida so‘zlar ekan, Narshaxiy qadimgi zamindorlarni “dehqonlar”, yaʼni «qishloq hokimlari», ziroatchilarni “kashovarzlar”, yaʼni «yer haydovchi» – “qo‘shimchalar”, yirik yer egalariga qaram qishloq aholisini “kadivarlar” nomlari bilan ataydi. VIII—X asrlarda Buxoroda hunarmandchilik nihoyatda rivojlangan bo‘lib, har bir qishloq o‘z mahsuli bilan shuhrat topgan.
