QADIMIY DOSTONLAR, YIRIK BADIIY, TARIXIY-MAʼNAVIY ASARLAR HAQIDA
Qadimiy bitiklar va xalq dostonlari har bir millatning maʼnaviy qiyofasi, uning tarixi, qadriyatlarini mukammal aks ettiruvchi bamisoli oynadir. Ularda har bir xalqning urf-odatlari, milliy o‘ziga xosligi yaqqol ko‘rinib turadi. Dostonchilik xalq og‘zaki ijodida qadimiy epik anʼana hisoblanadi. Dostonlar asosan do‘mbira jo‘rligida aytiladi va ijrochidan ham badihada, ham ijroda juda katta ijodiy mahorat talab qiladi. Dostonning yana bir xususiyati, og‘izdan og‘izga o‘tib avloddan avlodgacha yetib kelganidir.
“O‘g‘uznoma”, «Kultegin bitiklari», «To‘nyuquq bitigi», «Bilka qog‘on bitigi», “Kuntug‘mish” singari dostonlar – yirik tarixiy-badiiy asarlar o‘sha davr ajdodlarimiz tafakkur tarzi, orzu-armonlari, maʼnaviy kamolot darajasini aks ettiradi.
Ushbu bitiklar mazmunidan turkiy elat islomdan oldinoq yaxlit bir xalq sifatida o‘zligini tanib olganini oydin his qilamiz va islom davridagi turkiy sulolalar yuksalishining maʼnaviy omillar va asoslarga ega ekanligi ayon bo‘ladi.
Ushbu bitiklar mazmunidan turkiy elat islomdan oldinoq yaxlit bir xalq sifatida o‘zligini tanib olganini oydin his qilamiz va islom davridagi turkiy sulolalar yuksalishining maʼnaviy omillar va asoslarga ega ekanligi ayon bo‘ladi. Bu paytda turkiy xalqlar yagona Tangriga eʼtiqod qilishgan. Zero, 716-720 yillar orasida yozilgan «Kichik Kultegin bitigi» shunday boshlanadi:
Tangri toq. Tangri inoyati bilan
Turk Bilka qog‘on bu yerga o‘lturdim.
So‘zimni tugal eshitgil.
Og‘a-inilarim, o‘g‘lonim,
Birlashgan ulusim, budunim,
O‘ngdagi hokim, katta beglar,
So‘ldagi buyruq tarqatuvchi beglar,
O‘tuz
To‘quz o‘g‘uz beklari, buduni
Bu so‘zimni yaxshilab eshit,
Qattiqla tingla.
Bu satrlarni 716 yilda taxtga o‘tirgan Bilka qog‘on nomidan uning jiyani, buyuk sarkarda Kulteginning nabirasi ulug‘ shoir Yo‘llug‘ tigin (tigin – turkiyda “shahzoda” maʼnosini bildiradi) yozmoqda. Bu Vatan va millat fidoyisi o‘z ajdodlari, bobosi va amakisining shonli kurashlariga bag‘ishlab yozgan yirik marsiya-dostonlarida millat va xalq boshini qovushtirish uchun o‘z hayotini tikkan bahodir va tadbirkor yurt ulug‘larini madh etdi, ulusning bosh manfaati, milliy davlatning yetakchi g‘oyasi nima ekanligini yorqin satrlarda ifodalab berdi:
Turk budunini biriktirib,
El tutunmog‘ingizni bunda bitdim.
Yanglishib parchalanishingizni,
Yana bunda bitdim.
Ne-ne so‘zim esa,
Mangu toshga bitdim.
Uni ko‘ra biling,
Endigi turk buduni, beklar.
Bu davrda turkiy adabiy til ham shakllandi va ushbu umumturkiy adabiy til yodgorliklari bizgacha toshbitiklar va boshqa matnlarda yetib keldi. Millatning o‘z-o‘zini anglab yeta boshlagani, turli turkiy elatlarning bir butun xalq (“budun”) sifatida birlashuvi hayot va mamot masalasi bo‘lib, yuzaga chiqqanligi ushbu matnlar mazmunida aniq ifodalangandir. Turkiy millat o‘z mustaqilligi uchun, elatlar birligi uchun kurashda, ayovsiz janglarda shakllandi.
