Muso Al Xorazmiy
(780-850)
Buyuk matematik, astronom va geograf Muhammad al-Xorazmiy VIII asrning oxiri va IX asrning birinchi yarmida yashab ijod etdi.
Xorazmiy qalamiga mansub 20 dan ortiq asarlarning faqat 10 tasi bizgacha yetib kelgan. Bular «Aljabr va al-muqobala hisobi haqida qisqacha kitob» — algebraik asar, «Hind hisobi haqida kitob» yoki «Qo‘shish va ayrish haqida kitob» — arifmetik asar, «Kitob surat-ul-arz»— geografiyaga oid asar. “Zij”, «Asturlob bilan ishlash haqida kitob», «Asturlob yasash haqida kitob», «Asturlob yordamida azimutni aniqlash haqida», «Kitob ar-ruhoma», «Kitob at-taʼrix», «Yahudiylarning taqvimi va bayramlarini aniqlash haqida risola». Bu asarlarning to‘rttasi arab tilida, bittasi Farg‘oniyning asari tarkibida, ikkitasi lotincha tarjimada saklangan va qolgan uchtasi hali topilgan emas.
1. 2. Xorazmiyning algebraik risolasining to‘liq nomi — «Al-kitob al-muxtasar fi hisob al-jabr va al-muqobala». Risolaning nomidagi “al-jabr” va “al-muqobala” so‘zlari “to‘ldirish” va «ro‘para qo‘yish» — o‘rta asr algebrasining ikkita asosiy amalini anglatadi. “Aljabr” so‘zi lotincha transkripsiyada “algebra” bo‘lib, Xorazmiy asos solgan yangi fanning nomi bo‘lib qoldi. Xorazmiyning algebraik risolasi uch qismdan iborat: 1) algebraik qism, buning oxirida kichik bir bo‘lim — savdo muomalasidagi bob keltiriladi; 2) geometrik kism, algebraik usul qo‘llanib o‘lchash haqida; 3) vasiyatlar haqidagi qism. Xorazmiy uni alohida nom bilan «Vasiyatlar kitobi» deb atagan. Xorazmiy o‘z risolasida hech qanday belgi keltirmaydi va mazmunni butunlay so‘z bilan bayon ztadi va shakllar keltiradi.
2. Xorazmiyning eng yirik astronomik asari uning “Zij”idir. Olim mazkur fundamental asarini 830 yil atrofida yozgan. Xorazmiyning “Zij”i 37 bob, 116 jadvaddan iborat. Asarning avvalgi besh bobi xronologiyaga bag‘ishlangan bo‘lib, “to‘fon”, “iskandar”, “safar” va xristian eralaridagi sanalarni hijriy eraga ko‘chirish qoidalari keltiriladi. 6-bobda aylana — 12 burjga, burj — 30 darajaga, daraja — 60 daqiqaga, daqiqa — 60 soniyaga va hokazo mayda bo‘laklarga bo‘linishi bayon etiladi. 7—22-boblar Kuyosh, Oy va besh sayyoraning harakatlari masalasiga bag‘ishlangan. Bu boblarda Xorazmiy qadimgi va ilk o‘rta asr hind astronomik maʼlumotlaridan, Eron va Yunon maʼlumotlaridan mohirona foydalangan holda Ptolemeyning geomarkaz sistemasiga asoslanib, planetalar harakatini bayon etgan. 23-bob trigonometriyaga bag‘ishlangan, unda Xorazmiy “tekis” va «akslangan sinus» tushunchalarini kiritadi va bu funksiyalar jadvallarini keltiradi. 25-27-boblar matematik geografiyaga bag‘ishlangan. Bu yerda geografik joylarning uzunlik va kengliklarini aniklash qoidalari keltiriladi va bu koordinatlarning o‘zgarishi Quyoshning yillik, kecha-kunduzlik harakatida ekliptik, ekvatorial koordinatlarning o‘zgarishi bilan bog‘likligi ko‘rsatiladi.
28-bobda Xorazmiy yana trigonometrik masalalarga murojaat qiladi va tangens, kotangens tushunchalarini kiritadi hamda ularga mos jadvallarni keltiradi. 29-bobda planetalar harakatining tezligi aniklanadi. 30-bobda Quyosh va Oy ko‘rinmas kulchalarining o‘lchami keltiriladi. 31-32 va 36-37-boblar munajjimlik masalalariga bag‘ishlangan, 33-35-boblar Quyosh va Oy tutilishi va parallaks (yoritgichning ko‘rinish farqi) masalalariga bag‘ishlangan.
