Abu Mansur Moturidiy
(870-944)

Abu Mansur Moturidiy hazratlari aynan 870 yilda buyuk vatandoshimiz, hadis ilmining sultoni imom Buxoriy hazratlari vafot topgan yili azim Samarqandning Moturid mahallasida dunyoga keladi.

Abu Mansur Moturidiyning kalom va fiqh ilmlar sohasidagi qarashlari uning ikki – “Kitob at-Tavhid” va “Kitob taʼvilot ahl as-sunna” nomli asarlarida bayon etilgan. Bu boradagi muhim maʼlumotlar allomaning vafotidan keyin moturidiya taʼlimotiga bag‘ishlab yaratilgan qator asarlarda ham o‘z aksini topgan.

Al-Moturidiy nafaqat fiqh, kalom ilmiga oid, balki boshqa fanlarga oid asarlar ham yozgan deb aytish mumkin. O‘zR FAning Beruniy nomidagi Sharqshunoslik instituti fondida saqlanayotgan al-Moturidiyning ovchilikka oid asari bunga dalil bo‘ladi. Bu asarning bir qo‘lyozma nusxasi «Risola jonvor doriy» («Jonvorlarga oid risola») deb nomlangan bo‘lib, unda ovchi qushlarni boqish haqida fikr yuritiladi. Bu asarda ovchi burgutlarning har xil zotlari, ularning tashqi ko‘rinishlari, oziqlantirish, ovga yaroqliligi bilan bir qatorda ko‘paytirish, izi va chatishtirish usullari kabi masalalar haqida gap boradi.