Abdurahmon Jomiy
(1414-1492)

Amir Temur asos solgan Temuriylar saltanati davrida Movarounnahrda badiiy adabiyot ham yangi bosqichga ko‘tarildi.

Husayn Boyqaro hukmdorligi davridagi adabiy hayotga to‘xtalar ekan, Zahiriddin Muhammad Bobur “Boburnoma”da: «Shuarodin bu jamʼning saromad va sardaftari Mavlono Abdurahmon Jomiy edi», — deb yozadi[1]. Binobarin, faqat forsiy adabiyotning emas, shu davrdagi o‘zbek adabiyotining gullab-yashnashida ham Abdurahmon Jomiyning roli juda katta bo‘lgan.

Abdurahmon Jomiyning «Haft avrang», Alisher Navoiyning “Xamsa”, «Xazoyin ul-maoniy» asarlari shu davr adabiyotining shoh asarlari edi. Jomiy yetti dostondan iborat to‘plamiga «Haft avrang» («Yetti taxt») deb nom qo‘yar ekan,

1480 yildan 1485 yilning oxiriga qadar Jomiy o‘zining buyuk «Haft avrang»i tarkibiga kirgan dostonlarini yaratish ustida ish olib bordi. Sharq adabiyotidagi xamsachilik ananalari asosida yozilgan bu dostonlardan “Silsilatuz-zahab”, «Tuhfat ul-ahror», «Suhbat ul-abror» g‘oyaviy tematik jihatdan falsafiy-axloqiy yo‘nalishda, janr eʼtibori bilan pandnoma tipida bo‘lib, o‘z davrining eng dolzarb masalalariga bag‘ishlangan edi. «Yusuf va Zulayho», «Layli va Majnun», «Salamon va Absol», «Xiradnomai Iskandariy» dostonlarida esa shoir anʼanaviy syujetlarning yangicha talqinlarini berdi.

Jomiyning «Risolayi aruz», «Risolayi muammoyi kabir», «Risolayi muammoyi sag‘ir», Risolayi muammoyi mutavvassit», «Risolayi muammoyi manzum», «Sharhi bayti Masnaviy, «Sharhi bayti Xusrav», «Sharhi rubbiyot», «Risolayi qofiya» kabi asarlari Sharq adabiyoti tarixini, uning vazn, qofiya va sheʼr turlari bilan bog‘liq nazariy masalalarini o‘rganishda hozirgi kunga qadar o‘z ahamiyatini yo‘qotmagan. Olimning faqat muammo haqidagina 4 ta nazariy qo‘llanma yaratgani yoki ulug‘ salaflari asarlarining murakkab bir baytini izohlash, tasavvufning biron atamasini yoritish uchun maxsus risolalar yozgani uning adabiyot tarixini o‘rganishga juda katta ahamiyat berganini, o‘zi bu sohalarning haqiqiy donishmandi bo‘lganini ko‘rsatadi.

Bundan tashqari Jomiy o‘z davrining eng buyuk tilshunosi ham edi. U fors tili grammatikasi bo‘yicha maxsus sheʼriy va nasriy qo‘llanma yozgan. Arab tilini esa o‘z ona tilidek bilgan edi. U vaqtda arab tili mashhur xorazmlik tilshunos olim Ibn Hojibning (1175— 1249) “Al-Qofiya” kitobi bo‘yicha o‘rganilardi. Shoirning suyukli farzandi Ziyovuddin arab tilini shu darslik bo‘yicha o‘qir ekan, darsni o‘zlashtirishda katta qiyinchilik sezadi. Shunda Jomiy uning ahvolini tushunib, 1492 yili, yaʼni umrining oxirlarida “Al-Qofiya”ga maxsus sharh yozadi. Shundan so‘ng Ibn Hojibning asari maktab va madrasalarda shu sharh yordamida o‘qitiladigan bo‘ladi. Jomiy “Sharhi” esa «Sharhi Mullo» nomi bilan shuhrat qozonadi.