Sharafiddin Ali Yazdiy
(1454)
Sharafiddin Ali Yazdiy o‘z davrining yetuk olimlaridan biri sanalgan va tafsir, fiqh, hadis, tarix, jug‘rofiya, harb va adabiyot ilmlarini mukammal darajada bilgan va turli sohalar bo‘yicha qimmatli asarlar yozgan.
Qomusiy olim Ali Yazdiy Amir Temurning Hindistonga qilgan harbiy yurishining tafsilotlarini o‘z ichiga olgan asari – “Saodatnoma yo ro‘znomai g‘azavoti Hinduston”ni fors-tojik tilida, tarixiy-badiiy uslubda yozgan.
Ushbu asarning dunyoda yagona nusxasi O‘zbekiston Fanlar akademiyasi Abu Rayhon Beruniy nomidagi Sharqshunoslik instituti xazinasida 1520/II raqami ostida saqlanib, 56 varaqdan (80b-135b vv.) iborat va uni hijriy 1015, melodiy 1606-1607 yillari bitgan.Amir Temur farmoniga binoan yaratilgan G‘iyosiddin Ali Yazdiyning “Hindiston yurishi kundaligi” asari o‘zbek tiliga filologiya fanlari nomzodi R. V. Qobulova tomonidan tarjima qilingan bo‘lsa-da, shu paytgacha kitob nashr etilmay kelmoqda.
Sharafiddin Ali Yazdiy qalamiga mansub ilmi nujum, sheʼriyat va tariqat nazariyasiga oid bir qancha asarlar borki, ularni birma-bir sanab o‘tishni lozim topdik:
1. «Hulal-i mutarraz dar muammo va lug‘az» («Muammo va topishmoqlar borasida bezakli joma»).
2. «Muntaxib-i Hulal» (Mazkur asarning qisqartirilgan bayoni).
3. «Mavotin yo manozir dar muammo» («Muammo fanida turar joy va manzaralar»).
4. «Qunh uz-zod dar ilm-i vaqf-i aʼdod» («Adadlar muvofiqligi ilmida haqiqat cho‘qqisi»).
5. «Al-Kitob fi ilm-i usturlob» («Usturlob ilmi bo‘yicha kitob»).
6. «Devon-i Sharaf-i Yazdiy» («Sharafi Yazdiyning sheʼrlar to‘pla-mi»).
7. «Haqoyiq at-tahlil» («Tahyail, yaʼni «Lo iloha illa-l-loh» ning haqiqatlari»).
8. Sharh-i «Qasida-i burda» («Qasida-i burda»ning sharhi).
9. «Sharh-i «Asamo-i Alloh» («Alloh ismlari»ning sharhi»).
10. «Tuhfat ul-faqir va hadyat ul-haqir» («Faqirning tuhfasiyu haqirning hadyasi»).
11. “Munshaot” («Xatlar to‘plami»).
12. Maxsus nomga ega bo‘lmagan, ammo Amir Temurning tarixini sheʼriy bayon etilgan asar.
Ushbu asar nomlaridan ko‘rinib turibdiki, Sharafiddin Ali Yazdiy o‘z davrining anchagina bilimlari bo‘yicha ozmi-ko‘pmi maʼlumotga ega bo‘lgan. Shuning uchun ham u Temuriy shahzodalar saroyida xizmatga taklif etilib, zamondoshlari orasida maʼlum darajada shuhrat qozongan. Uning tarixnavislik fani namoyandalari qatoridan o‘rin egallashiga sabab bo‘lgan “Zarafnoma” asarining bitilish tarixi ham muallifning o‘z davrining yetakchi muarrixlaridan biri bo‘lganligini ko‘rsatib turibdi.
