Muhammad Shayboniyxon
(1451-1510)
Shayboniylar sulolasining asoschisi Muhammad Shayboniyxon hukmdor Abdulxayrxonning nabirasi Shoh Budoqxonning o‘g‘li.
Shayboniyxon tarixni sevgan va tarixiy asarlar yaratilishida ishtirok etgan. So‘nggi yillarda olib borilgan tadqiqotlar shuni ko‘rsatadiki, Shayboniyxon o‘zbek (“turk”) tilida bitilgan o‘ziga xos manba — «Tavorixi guzidayi nusratnoma» asarining yozilishida bevosita ishtirok etgan. Bu manbada keltirilgan aniq dalillar bilan tasdiqlanadi.
Hozirda «Tavorixi guzidayi nusratnoma» hamda Shayboniyxon faoliyatiga oid bo‘lgan boshqa tarixiy asarlarning bir manba asosida vujudga kelganligi haqidagi faraz isbotlangan deb aytish mumkin (V. P. Yudin, R. G. Mukminova). Bu hol muallifi nomaʼlum «Tavorixi guzidayi nusratnoma», Muhammad Solihning “Shayboniynoma”, Kamoliddin Binoiyning “Shayboniynoma”, Mulla Shodining “Fathnoma” asarlarida bayon etilgan voqealarning o‘xshashligi va ularda keltirilgan bir xil sheʼrlar, shu jumladan Muhammad Shayboniyga nisbat beriladigan sheʼrlarning mavjudligi bilan ham tasdiqlanadi. «Tavorixi guzidayi nusratnoma» muallifi nomaʼlum asardir. Asarning saqlanib qolgan hech bir qo‘lyozmasida (Sankt-Peterburg va Londondagi asosiy qo‘lyozmalardan tashqari, yana qisqartirilgan qo‘lyozma nusxalari ham mavjud) muallifning nomi ko‘rsatilmagan. Sankt-Peterburg qo‘lyozmasi matnida muallifning nomi ko‘rsatilishi lozim bo‘lgan joy bo‘sh qoldirilgan. Shu narsa aniqqi, «Tavorixi guzidayi nusratnoma»ni yozishda Shayboniyxonning o‘zi ishtirok etgan.
