Maxdumi Aʼzam
(1461-1542)
Maxdumi Aʼzam Farg‘ona vodiysining Koson shahrida tavallud topgan.
Mahdumi Aʼzamning ilmiy merosi boy bo‘lib, u tasavvuf nazariyasi va amaliyoti, xususan, naqshbandiya taʼlimotini yana-da rivojlantirish sohasida barakali faoliyat ko‘rsatdi. Uning qalamiga mansub 30 dan ortiq risola maʼlum bo‘lib, «Asror un-nikoh» («Nikoh sirlari»), “Ganjnoma”, «Risolat un-samʼiyyatun» («Sa-moʼ risolasi»), «Bayoni zikr» («Zikr bayoni»), «Risola-i silsila-i Xo‘jagon («Xo‘jagon silsilasi»), «Sharhi g‘azali Ubaydiy» («Ubaydiy g‘azaliga sharh»), «Meʼroj ul-oshiqin» («Oshiqlar meʼroji»), «Risola-i Naqshbandiyya», «Risolat un-vujudiyyatun» kabilar shular jumlasidandir. U o‘z asarlarining ko‘p qismida ulamolar, so‘fiy shayxlar va davlat arboblari orasidagi munosabatlar xususida to‘xtab o‘tgan va tariqatning siyosiy faoliyatiga to‘la asos bor ekanligini isbotlagan. Xojagi achinib yozganidek, u yashayotgan zamonda viloyat hokimlari shaxsiy manfaatlarini birinchi o‘ringa qo‘iib, hokimiyat talashish bilan band edilar, tinimsiz harbiy harakatlar esa xalq ahvolini yana-da og‘irlashtirardi. Shunday murakkab siyosiy va iqtisodiy vaziyatda Maxdumi Aʼzam o‘z obro‘yidan foydalanib fitnabozlikka mayli bo‘lgan viloyat hokimlarini «Ulug‘ Xoja Ahror kabi inoqlik dasturxoni atrofiga yig‘ib, bir-birlariga sulh qo‘llarini uzatishga undadi».
Mahdumi Aʼzamning tasavvuf taʼlimotiga oid fikrlari Naqshbandiya nazariyasiga asoslangan. Allomaning fikricha, Naqshbandiya tariqati uch zaruriy qoidaga bo‘lingan: 1) Ihvon (birodarlik). Yaʼni tariqat aʼzolari xatti-harakatlarida hamdard, hamnafas va hamfikr bo‘lishlari lozim; 2) Makon (o‘rin, mavqe). Har bir tolib murshidining nasihatlariga amal qilib, barkamollikka intilmog‘i lozim va shu jarayonda tariqat aʼzolari orasida o‘ziga munosib mavqe sohibi bo‘lib, o‘z martabasiga loyiq ish qilmog‘i kerak; 3) Zamon. Agar maʼlum bir zamonning xalqlari va qavmlari orasida ziddiyat va ixtiloflar paydo bo‘lsa, bular tariqat birodarlarini qarama-qarshiliklarga keltirmasligi lozimdir.
Mahdumi Aʼzam asarlarining eng to‘la majmuasi O‘zR FA Sharqshunoslik instituti xazinasida saqlanmoqda.
Yana boshqa qator risolalarida («Odob us-solikin», «Odob us-siddiqin») buyuk alloma Naqshbandiya taʼlimotida murid — murshid munosabatlari borasida ham o‘ziga xos fikrlarni ilgari surgan.
