Husayn Voiz Koshifiy
(1440-1505)

XV asrning ikkinchi yarmida Xurosonda Alisher Navoiy atrofida to‘plangan alloma, shoir va donishmandlar orasida mashhur va qomusiy talant egalaridan biri Voiz Koshifiydir.

Husayn Voiz Koshifiy asarlarini o‘z davrining ilmiy tili — fors tilida yozgan bo‘lib, undan ko‘pgina ilmiy, badiiy tarjima asarlari ham meros qolgan. U falsafa, axloq, tilshunoslik, adabiyotshunoslik, siyosat, tarix, kimyo, astronomiya, matematika, musiqa, voizlik, sheʼr sanʼati, din tarixi, fiqh, tibbiyot kabi fanlarga oid 200 dan ortiq asar yozganligi manbalardan maʼlum.

Koshifiyning O‘zbekiston Fanlar akademiyasi Abu Rayhon Beruniy nomidagi Sharqshunoslik va H. Sulaymonov nomidagi Qo‘lyozmalar institutlarida 45 nomdagi asarlarining 197 qo‘lyozma va 75 toshbosma nusxalari saqlanmoqda. Bundan tashqari u o‘z davrining ko‘zga ko‘ringan ilohiyotchi olimi bo‘lib, hadisni, Qurʼoni Karimni yoddan bilgan, hatto Qurʼonga to‘rt kitobdan iborat sharh ham yozgan. Koshifiyning «Axloqi Muhsiniy», «Risolai Hotamiya», «Anvori Suxayliy», «Futuvvatnomai Sultoniy», «Tavsiri Husayniy», “Javohirnoma” kabi o‘ndan ortiq asari arab, tatar, eski o‘zbek, urdu, turk, nemis, ingliz, fransuz va boshqa tillarga tarjima qilingan.

Hozirgi kunda Koshifiy asarlari Parij, London, Berlin, Sankt-Peterburg, Moskva kabi shaharlarda, Iroq, Turkiya, Eron, Afg‘oniston, Hindiston, Bangladesh va boshqa sharq mamlakatlarining kutubxonalarida saqlanmoqda. Chet mamlakatlarda Koshifiy asarlariga qiziqish XVIII—XIX asrlardayoq kuchli bo‘lib, G‘arbiy Ovro‘poning X. G. Kin, M. Duayt, D. D. Donalson, E. Braun, A. A. Arberri, E. S. Kennedi, E. Rozental, X. Masse, K. S. Lambton, R. Levi, A M. Shasteri kabi mashhur olimlari Markaziy Osiyo va Eronning XIV—XV asrlardagi madaniyati tarixini atroflicha o‘rganishga harakat qilganlar va Koshifiyning ijodi, merosiga yuqori baho berganlar.

Axloq masalalarini yoritishda Koshifiyning «Axloqi Muhsiniy» (Husayn Boyqaroning o‘g‘li — Abdulmuhsin Mirzoga bag‘ishlangan) asari eng mashhur va muhim ahamiyat kasb etadi.