Burhonuddin al-Marg‘inoniy
(1123-1197)

Buyuk faqih Ali ibn Abu Bakr ibn Abd ul-Jalil al-Farg‘oniy ar-Rishtoniy al-Marg‘inoniy Qurʼoni, hadis ilmlarini mukammal egallab, fiqh— islom xuquqshunosligi borasida benihoya chuqur ilmga ega bo‘lganligi va bu sohada beqiyos durdonalar yaratganligi tufayli Burhon ud-din va-l-milla va Burhonuddin al-Marg‘inoniy nomlari bilan mashhurdir.

Burhonuddin al-Marg‘inoniy islom dinidagi sunniylarning to‘rtta asosiy mazhabi asoschilarining asarlarini o‘rganish bilan birga o‘zi ham fiqhga oid bir qator asarlar yaratgan. Bizgacha yetib kelgan asarlaridan «Bidoyat al-muntahiy («Boshlovchilar uchun dast-labki taʼlim»), «Kifoyat al-muntahiy» («Yakunlovchilar uchun tugal taʼlim»), «Nashr ul-mazhab» («Mazhabning yoyilishi»), «Kitob ul-mazid» («Ilmni ziyoda qiluvchi kitob»), «Manosik ul-haj» («Haj marosimlari»), «Majma ul-navozil» («Nozil bo‘lgan narsalar to‘plami»), «Kitob ul-faroiz» («Farzlar kitobi») va boshqalar maʼlum.

Al-Marg‘inoniyning butun islom olamida mashhur bo‘lgan “Hidoya” asari 1178 yili Samarqandda yozildi. Mahmud ibn Sulaymon al-Kafaviyning «Katoib ul-aʼlom al-axyor fi taboqot fuqaho va mashoyix mazhab an-Nuʼmon» («Nuʼmon mazhabiga mansub bo‘lgan taniqli alloma faqihlar va shayxlar haqidagi kitob») nomli asarida keltirilishicha, Burhonuddin al-Marg‘inoniy «Bidoyat al-muntahiy» asarining so‘z boshisida “Hidoya”ning yaratilishi xususida shunday yozgan: «Abu-l-Hasan Ali ibn Bakr Abd ul-Jalil bir kuni fiqh masalalariga bag‘ishlangan hajmi uncha katta bo‘lmagan, lekin mazmuni to‘liq bo‘lgan bir yaxlit kitob zarur ekanligi haqida fikr bildirdi. Iroqqa safar qilganimda u yerda «al-Muxtasar al-Quduriy» («Kuduriy qisqartmasi»)ni ko‘rdim. U fiqh bobida ajoyib asar edi. Bu paytgacha kattayu-kichik barcha «Jomeʼ us-Sag‘ir» («Kichik to‘plam») dan foydalangan edi. Shunda fikhga oid barcha asarlarni jamlab, ulardan eng zarur masalalarni oldim va bu asarga «Bidoyat al-muntahiy» deb nom berdim. Keyinchalik bu asarga sharh yozib, uni «Kifoya ul-muntahiy» deb nomladim».

“Hidoya” to‘rt juzdan iborat bo‘lib, birinchi juzga ibodat masalalari kiritilgan, bular: tahorat, namoz, ro‘za, zakot va haj kitoblaridir. Ikkinchi juzga nikoh, emizish, taloq, qullarni ozod qilish, topib olingan bolaning nasabini aniqlash, topib olingan narsa, qochib ketgan qullar, bedarak yo‘qolganlar, sherikchilik va vaqf mulki kabi masalalar kiritilgan.

Uchinchi juzda esa oldi-sotdi, pul muammolari, kafolat, pulni birovga o‘tkazish, qozilarning vazifalari, guvohlik, berilgan guvohlikdan qaytish, vakolat, daʼvo, iqror bo‘lish, sulh, bir ishda pul bilan sherik bo‘lish, pulni saqlashga berish, qarz berish, sovg‘a, ijara, muayyan shart asosida cheklangan ozodlik berilgan qullar, voliylik (patronat), majbur qilish, homiylik, qisman ozod bo‘lgan qullar va bosqinchilik xususidagi masalalar o‘rin olgan.

To‘rtinchi juzda esa shafoat, meros taqsimlash, dehqonchilik hamda bog‘dorchilik xususida shartnoma, qurbonlikka so‘yiladigan jonzod haqida, umuman qurbonlik qilish haqida, shariatga zid yomon narsalar haqida, tashlandiq yerlarni o‘zlashtirish xususida, taqiqlangan ichimliklar haqida, ovchilik, garovga berish, jinoyatlar xususida, xun haqi to‘lash, vasiyat kabi masalalar yoritilgan.

“Hidoya” bir necha asrlar davomida ko‘p musulmon mamlakatlarida, jumladan, Markaziy Osiyoda ham huquqshunoslik bo‘yicha eng asosiy qo‘llanma hisoblandi. “Hidoya” ning 1893 yilda rus tilida qisqartirilgan tarjimasi N. P. Grodekov tomonidan nashr etilgan.