Ali Qushchi
(1403-1474)

«O‘z davrining Batlimusi» deb tanilgan Ali Qushchining to‘liq nomi Alouddin Ali ibn Muhammad al-Qushchi bo‘lib, u Samarqandda tug‘ilib o‘sgan va XV asrda ilmiy faoliyat ko‘rsatgan matematik va astronomlardandir.

Ali Qushchining qalamiga mansub asarlar quyidagilardir:

1. «Risola fi-l-hisob» («Hisob haqida risola»). Asar fors tilida 1425 yili Samarqandda yozilgan. U uch qismdan iborat: o‘nlik hisoblash tizimi, oltmishlik hisoblash tizimi va handasa. Ali Qushchining bu risolasi o‘rta asrlarda keng tarqalgan bo‘lib, nafaqat Movarounnahr olimlarining, balki butun Yaqin va O‘rta Sharq olimlarining diqqatini o‘ziga jalb qilgan. Chunonchi, yozilganidan 150 yilcha keyin Bahouddin Omuliy (1547—1621) o‘zining «Xulosat ul-hisob» nomli asarini yozganida undan foydalangan. Risolaning qo‘lyozmalari O‘zbekiston Fanlar Akademiyasi Sharqshunoslik institutida, Tojikiston poytaxti Dushanbe shahridagi Firdavsiy nomli kutubxonada, Sankt-Peterburgda, Rusiya akademiyasi kutubxonasida, Mashhadda imom Rizo kutubxonasida, Istambuldagi (Turkiya) Ayya Sofiya kutubxonasida va Oksford (Angliya) universiteti kutubxonasida saqlanadi.

2. «Risolai kusur» («Kasrlar risolasi»). Bu asar ham Samarqandda fors tilida 1426 yili yozilgan. Bu risolaning qimmati shundaki, unda Ali Qushchi o‘nlik kasrlar tushunchasini va o‘nlik kasrlar yordamida irratsional kvadrat ildiz chiqarish usulini bayon etadi. Risolaning yagona nusxasi Sankt-Peterburgdagi Sharqshunoslik institutida saqlanadi.

3. «Risola al-fathiya» («G‘alaba risolasi»). Asar turk sultoni Muhammad II ning Iroq sultoni Azim ustidan g‘alaba (fath) qilgani munosabati bilan 1473 yili Istambulda yozilgan va astronomiyaga bag‘ishlangan. Asarning qo‘lyozmalari Mashhadda imom Rizo kutubxonasida, Istambulda Ayya Sofiya kutubxonasida, Tehron universiteti kutubxonasida, Kembrij universiteti kutubxonasida, Britaniya muzeyida, Berlindagi Germaniya davlat kutubxonasida, Dehlidagi Hindiston universiteti kubutxonasida va Bombey kutubxonasida saqlanadi.

4. «Risola al-Muhammadiya fi-l-hisob» («Hisob haqida»). Asar arabiy imloda yozilgan hisobga doir eng nodir asarlardan bo‘lib, turk sultoni Muhammad II ga bag‘ishlangan. Unda o‘nlik va oltmishlik hisoblash tizimlaridan arifmetika, algebra, geometriya va trigonometriya masalalari ko‘riladi. Asarni muallifning o‘zi 1472 yili forsiyga ag‘dargan. Risolaning muhim taraflaridan biri shundaki, unda birinchi marta “musbat” va “manfiy” iboralari hozirgi biz qo‘llayotgan maʼnoda ishlatiladi. Risolaning ikki qo‘lyozmasi Istambulda Ayya Sofiya kutubxonasida va Leyden universiteti kutubxonasida saqlanadi.

5. «Risola fi halla ash-shakl al-hilol» («Hilolsimon shakllarni o‘lchash haqida risola»). Arabiy imloda yozilgan risola, qo‘lyozmasi saqlanmagan.

6. «Sharhi Miftoh al-ulumi Taftazoniy» («Taftazoniyning «Miftoh al-ulum»ining sharhi»). Fors tilida yozilgan risola. Unga mashhur Qozizoda Rumiy sharh yozgan. Birgina qo‘lyozmasi Mashhaddagi imom Rizo qutubxonasida saqlanadi.

7. «Risola dar ilmi hayʼat» («Astronomiya ilmi haqida risola»). Asar «Risola dar falakiyot», «Risolayi forsiya dar hayʼat» va «Hayʼati forsiy» nomlari bilan ham maʼlum bo‘lib, fors tilida bitilgan. Risolada Samarqand maktabi olimlarining astronomiya sohasida erishgan yutuqlaridan guvohlik beruvchi qator maʼlumotlar mavjud. Ali Qushchining shogirdlaridan biri Abulqodir ibn Hasan Ro‘yoniy (vafoti 1520) risola haqida bunday deydi: «Men astronomiyaga doir ko‘p asarlarni o‘rgandim, Shamsiddin al-Koshiy, Husaynshoh Samoniy, Nosiri Sheroziy va Alishoh Xorazmiylarning “zij”larini sinchiklab mutolaa qildim. Lekin Ali Qushchining risolasini o‘qiganimdan so‘ng astronomiya sohasidagi barcha anglamagan narsalarim menga ayon bo‘ldi». Bu risolaning qo‘lyozmalari O‘zbekiston Respublikasi FA Sharqshunoslik institutining qo‘lyozmalar fondida, Sankt-Pererburgdagi ommaviy kutubxonada, Parij milliy kutubxonasida, Mashhaddagi imom Rizo kutubxonasida, Oksford universiteti kutubxonasida, Britaniya muzeyida, Kembrij universiteti kutubxonasida, Berlinda Germaniya davlat kutubxonasida va Istambulda Ayya Sofiya kutubxonasida saqlanadi.

8. «Sharhi «Ziji Ulug‘bek» («Ulug‘bek “Zij”iga sharh»). Sharh ham “Zij”ning o‘zi kabi fors tilida yozilgan. Uni avval Jamshid Koshiy va Qozizoda Rumiylar boshlagan edi. So‘ng sharhni Ali Qushchi Istambulda yakunladi. Bu sharhning qo‘lyozmalari Tehron universiteti kutubxonasida, Leyden universiteti kutubxonasida, Parij Milliy kutubxonasida hamda Sankt-Peterburg, Dushanbe, Mashhad, Istambul va Angliyadagi kutubxonalarda saqlanadi.

9. «Sharhi risolai «Tuhfai shohiya» («Shohiy tuhfa» risolasining sharhi»). Mashhur matematik va astronom Qutbiddin Sheroziyning (vafoti 1311) risolasiga sharh, forsiy tilda yozilgan. Qo‘lyozmalari Ayya Sofiya, Oksford universiteti va boshka kutubxonalarda saqlanadi.

10. «Sharhi risolai «Sullam as-samo» («Sullam as-samo» risolasiga sharh»). Bunda Ali Qushchi o‘zining Samarqanddagi ustodlaridan biri bo‘lmish Jamshid Koshiyning «Sullam as-samo» nomli astronomik risolasiga sharh bergan. Qo‘lyozmalari G‘arbiy Ovro‘po va Turkiya kutubxonalarida saqlanadi.

11. “Xitoynoma”. Bu risolani Ali Qushchi 1438 yili Ulug‘bek tomonidan Xitoyga elchilikka yuborilganidan qaytganidan so‘ng fors tilida yozgan. U o‘zining shaxsiy kuzatishlariga ko‘ra Xitoyning iqdimi, tabiati, xitoyliklarning urf-odatlarini bayon etgan. Undan tashqari bu asarda matematika, geografiya bilan birga olam xaritasi ham keltirilgan.

12. «Risolai mantiq» — 1430 yili Samarqandda, fors tilida yozilgan risola. Yagona qo‘lyozmasi O‘zbekiston Respublikasi Fanlar Akademiyasining Sharqshunoslik institutida saqlanadi.

13. «Sharhi tajvidi Xoja» («Xoja “Tajvidi”ning sharhi»). Asar mashhur astronom, matematik va faylasuf Xoja Nasiriddin Tusiyning (1201—1274) falsafaga doir “Tajvid” nomli asariga sharhdan iborat. Uni bo‘lajak olim 1417 yili Kermondaligida yozgan bo‘lib, uning qalamiga mansub ilk asar edi. Asarning qo‘lyozmalari Britaniya muzeyida, Mashhaddagi imom Rizo kutubxonasida, Istambulda Ayya Sofiya kutubxonasida, Tehron universiteti kutubxonasida, O‘zbekiston Fanlar Akademiyasi Sharqshunoslik institutida va Sankt-Peterburgdagi ommaviy kutubxonada saqlanadi.

14. «Risola al-Mufradiya». Arab tilidagi risola, mantiqqa bag‘ishlangan. Yagona qo‘lyozma nusxasi Leyden kutubxonasida saqlanadi.

15. «Mahbub ul-hamoyil fi kashfil masoyil» («Masalalarni hal qilishning mahbub bo‘lganlari haqida»). Risola arab tilida yozilgan bo‘lib, 20 bobdan iborat. Har bir bob alohida fanga bag‘ishlangan. Birgina qo‘lyozmasi Tehron universiteti kutubxonasida saqlanadi.

16. «Risola mutaʼolliqa bi kalimat at-tavhid» («Tavhid kalimasiga aloqador risola»). Arab tilida yozilgan ilohiyotga doir risola. Ko‘lyozmalari Berlin, Rim va boshqa shaharlardagi kutubxonalarda saqlanadi.

17. «Risola tataʼllaq bi kunya» («Umumiyatga aloqador risola») arab tilida yozilgan falsafiy asardir.

18. «Risola al-istiorot». Arab tilida yozilgan mantiqqa doir risola. Ikki qo‘lyozmasidan biri Leyden universiteti kutubxonasida, ikkinchisi Sankt-Peterburg ommaviy kutubxonasida saqlanadi.

19. «Sharh ar-risola al-Azudiya» (“Al-Azudiya” risolasiga sharh»). “Al-Azudiya” risolasi aslida Izziddin ibn Abdurahim ibn Ahmad Ijiy (vafoti 1335) tomonidan arab tilida yozilgan bo‘lib, uni Ali Qushchi sharhlagan. U tilshunoslikka mansubdir. Qo‘lyozmalari Leyden universiteti kutubxonasida, Sankt-Peterburg ommaviy kutubxonasida, Parij Milliy kutubxonasida, O‘zR FA Sharqshunoslik institutida, Istambulda Ayya Sofiya kutubxonasida va Oksford universiteti kutubxonasida saqlanadi.

20. «Al-unut va zavahir fi nazmil javohir» arab tilida yozilgan mantiqiy risola. Ayya Sofiya va Leyden kutubxonasida ikki qo‘lyozmasi saqlanadi.

21. «Risola al-mujas fit-tibb» («Tibbiyotga mansub moʻjaz risola»). Arab tilida. Birgina qo‘lyozmasi Ayya So‘fiya kutubxonasida saqlanadi.

22. «Sharh risola al-fiqh» («Fiqh haqidagi risolaning sharhi»). Bu asar islomdagi to‘rt mazhabdan biri bo‘lmish «Imomi Aʼzam» mazhabiga asos solgan mashhur imom Abu Xanifa Nuʼmon ibn Sobit tomonidan yozilgan “Al-fiqh” risolasiga sharhdir. Asar arab tilida yozilgan va islom huquqshunosligiga taalluqlidir. Qo‘lyozmaning birgina nusxasi Qozon universiteti kutubxonasida saqlanadi.

23. «Risola fi hall al-misol al-handasa» («Geometriyaga doir bir masalaning yechilishi haqida risola»). Arab tilida yozilgan bu asarda muallif aylanaga o‘tkazilgan urinma hosil qilgan burchak haqida bir teoremani isbotlaydi.

Ali Qushchining butun hayoti va ijodi fan yo‘lida sarflandi. U o‘z asarlari bilan va ustozi Ulug‘bek bilan hamkorligi tufayli o‘z nomini tarix sahifalariga abadiy kiritdi.