Abu Ali Ibn Sino
(980-1037)

Ibn Sino tarjimai holida Forobiyning «Metafizika maqsadlari», «Fusus ul-hikam» kabi muhim risolalarini qunt bilan o‘rganganligi, ulardan keng foydalanganligini taʼkidlab o‘tadi.

Ibn Sino asarlarining umumiy soni 450 dan oshadi, lekin bizgacha faqat 160 ga yaqin asari yetib kelgan, xolos. Ko‘p risolalari shaharma-shahar ko‘chib yurish, feodal urushlari, saroy to‘polonlari, turli falokatlar tufayli yo‘qolib ketgan. Ko‘p manbalarda ibn Sino avvalo tabib sifatida talqin etiladi, holbuki tabobat uning ilmiy sohalari orasida eng muhimlaridan biridir, xolos. Ibn Sino asarlarining asosiy qismi Yaqin va O‘rta Sharqning o‘sha davr ilmiy tili hisoblangan arab tilida, baʼzilari fors tilida yozilgan. Uning bizga maʼlum bo‘lgan katta asari «Kitob ush-shifo» («Shifo kitobi») 22 jilddan iborat bo‘lib, 4 ta katta bo‘limini mantiq, fizika, matematika, metafizikaga doir masalalar egallagan. Uning ayrim qismlari lotin tiliga, Ovro‘podagi boshqa tillarga, sharq tillariga, shuningdek, rus, o‘zbek tillariga tarjima kilingan. 20 jilddan iborat bo‘lgan «Kitob ul-insof» («Insof kitobi») bizgacha yetib kelmagan, chunki Isfahondagi yong‘inda yo‘qolgan. «Kitob un-najot» («Najot kitobi») 4 katta kismdan — mantiq, fizika, matematika, metafizikadan iborat, «Kitob lison ul-arab» («Arab tili kitobi») 10 jildni tashkil etadi. “Donishnoma” fors tilida yozilgan bo‘lib, 4 qismni — mantiq, fizika, matematika, metafizikani o‘z ichiga oladi (Rus tiliga tarjima etilgan, bir qismi o‘zbek tilida bosilgan).

Ibn Sino asarlari o‘rta asrlarda Ovro‘poda ilmiy til hisoblangan lotin tiliga, u orkali Ovro‘poning boshqa tillariga tarjima etilgan. Ibn Sino ilmiy risolalardan tashqari, chuqur falsafiy mazmunli badiiy obrazlar va maʼlum voqealar orqali ifoda etuvchi «Tayr qissasi», «Salomon va Ibsol», «Hayy ibn Yaqzon» kabi falsafiy qissalar yaratgan.

Ibn Sino zamonasining yetuk shoiri ham bo‘lgan. U Sharq, xususan, fors poeziyasida ruboiy janrining asoschilaridan biri bo‘lib, ruboiylari o‘zida chuqur falsafiy xulosalarni ifodalaydi. Ibn Sino arabcha qitalar ham yozgan (Uning sheʼriy merosi qisman rus va o‘zbek tillarida nashr etilgan). Ibn Sino tabobat masalalarini ommabop holda nazm bilan izohlovchi “Urjuza” nomli tibbiy asar yaratdi. Uning Aristotel (Arastu) taʼlimoti xususida Abu Rayhon Beruniy bilan va o‘zining shogirdi — ozarbayjonlik mutafakkir Baxmanyor bilan yozishmalari fan olamida mashhur. Ayniqsa, tabobat, u bilan bog‘liq holda anatomiya, psixologiya, farmakologiya, terapiya, xirurgiya, diagnostika, gigiyena kabi ilmlar ibn Sino ijodida bir qancha yangi ixtirolar bilan boyidi va yangi bosqichga ko‘tarildi. Bulardan tashqari, kimyo, mineralogiya, astronomiya, matematika, o‘simlik dunyosi, geologik jarayonlarni o‘rganish sohasida ham u yangi-yangi fikrlarni olg‘a sura oldi. Ibn Sinoning tibbiyot sohasidagi asarlaridan «Kitob al-qonun fit-tibb» («Tib qonunlari»), «Kitob ul-qulanj» («Ichak sanchiqlari»), «Kitob un-nabz» («Tomir ko‘rish haqida kitob»), «Fuj ul-tibbiya joria fi majlisih» («Tib haqida hikmatli so‘zlar»), «Tadbir ul-manzil» («Turar joyning tuzilishi»), “Fil-hindubo” («Sachratqi o‘simligi haqida»), «Risola fi-dastur it-tibbiy» («Tibbiy ko‘rsatmalar haqida») kabi asarlari mavjud. Uning tibbiyotga oid qomusiy asari «Kitob al-qonun fit-tibb» 5 mustaqil katta asardan tarkib topgan: ularning har biri maʼlum sohani izchil, har tomonlama yoritib beradi.

Birinchi kitobda tibbiyotning nazariy asoslari, uning predmeti, vazifalari, bo‘lim va metodlari, kasallikning kelib chiqish sabablari, belgilari, sog‘liqni saqlash yo‘llari, kishi anatomiyasi haqida mazmundor, aniqligi bilan kishini taajjubda qoldiruvchi qisqacha ocherk, sog‘liqni qanday saqlash kerakligi haqidagi taʼlimot (keyinchalik gigiyena deb nomlangan) bayon etiladi.

“Qonun”ning bu kitobini hozirgi zamon ichki kasalliklar propedevtikasi darsligiga tenglashtirish mumkin.

“Qonun”ning oddiy dorilarga bag‘ishlangan ikkinchi kitobida 800 ga yaqin dorining xususiyatlari, ularni tayyorlash va isteʼmol qilish usullari bayon etilgan. Ibn Sino simob, uning birikmalarini dori qilib ishlatishni birinchi bo‘lib tavsiya etadi, sharobni quvvatga kirituvchi, jarohatlarni tozalovchi dori sifatida ishlatadi.

Uchinchi kitobda ayrim organlar (hatto soch, tirnoqlar)ning kasalliklari, ularni davolash usullari bayon etiladi, uni maxsus patologiya darsligi deb atasa ham bo‘ladi. Bu kitobda bosh miya, nerv, ko‘z, quloq, burun, tomoq, qorin, tish, yurak, jigar, buyrak kasalliklari batafsil tahlil qilinadi.

“Qonun”ning to‘rtinchi kitobi organizmning umumiy kasalliklariga bag‘ishlangan. Unda isitmalar, o‘smalar, ularning sababi, xirurgik kasalliklar (suyak sinishi, chiqishi, jarohatlanish) va ularni davolash usullari har xil dorilardan zaharlanish va bunda ko‘riladigan choralar to‘g‘risida maʼlumot beriladi. Chechak, qizamiq, moxov, toun, vabo va boshqa yuqumli kasalliklar tasvir etiladi.

“Qonun”ning beshinchi kitobida murakkab dorilarning organizmga taʼsiri, ularni tayyorlash, isteʼmol qilish usullari bayon qilingan. Bu kitob dorishunoslik ilmiga — farmakologiyaga bag‘ishlangan.

Ibn Sinoning «Kitob ush-shifo» asarida turli tibbiyot imlariga: botanika, geologiya, mineralogiya, astronomiya, matematika, kimyoga oid ko‘p maʼlumotlar keltiriladi. Uning tog‘larning vujudga kelishi, yer yuzasining davrlar o‘tishi bilan o‘zgarib borishi, zilzilaning sabablari kabi turli jarayonlar haqidagi fikrlari keyinchalik geologiya ilmining mustaqil ravishda rivoj topishiga katta taʼsir ko‘rsatdi. Ayrim joylarning bir vaqtlar dengiz bo‘lganligi, shu sababli qattiq qatlamlarda turli dengiz hayvonlarining izlari saqlanib qolganligi haqida ham turli misollar asosida fikr yuritiladi; meteoritlar, vulkanlar haqida maʼlumotlar keltiriladi. Mineralogiya ilmining rivojida ham ibn Sinoning xizmati katta. U minerallarni 4 guruhga ajratadi: 1) toshlar; 2) eriydigan jism (metal)lar; 3) oltingugurtli yonuvchi jismlar; 4) tuzlar.

Ibn Sino «Risolatun fi taqsim al-mavjudot» asarida butun borliqni tarkibiy qismlarga bo‘lib, birma-bir sanaydi va ularga taʼrif berib o‘tadi. Vujudi vojib, vujudi mumkin, substansiya, aksidensiya, materiya, shakl, aql, unsur, jism, quvvat, sezish, mineral, hayvon, nutq, lison kabi kategoriyalar bu risolada kisqacha taʼriflanadi.

Jahon olimlari ibn Sino asarlari, uning faoliyati to‘g‘risida ko‘pdan beri ilmiy tadqiqot ishlarini olib boradilar. Hozirda jahonning deyarli barcha yirik tillarida ibn Sino haqida asarlar yaratilgan.