Abdurazzoq Samarqandiy
(1413-1482)
Abdurazzoq Samarqandiy sheʼr, arab tili grammatikasiga oid risola yozganligi maʼlum bo‘lsa-da, lekin uning bizgacha yetib kelgan yagona tarixiy asari — «Matlaʼi saʼdayn va majmaʼi bahrayn» («Ikki saodatli yulduzning chiqishi va ikki dengizning qo‘shilish joyi»)dir. Asar fors tilida yozilgan bo‘lib, ikki jildni tashkil etadi.
«Matlaʼi saʼdayn»ning birinchi jildida qisqa tarzda Chingizxon avlodidan bo‘lgan Eron hukmdori Abu Saʼid (1316—1335) haqida so‘zlagach, so‘ng sohibqiron Amir Temur tarixi boshlanadi va umuman 1304 yildan 1405 yilgacha Markaziy Osiyo, Afg‘oniston, Eron, Ozarbayjon, qisman Hindiston va boshqa mamlakatlar ta-rixiga oid maʼlumotlar keltiriladi.
Ikkinchi jildning so‘z boshisida muallif Amir Temur avlodlari haqida so‘zlamoqchi ekanligini aytib, voqealarni Shohruxning Hirotda taxtga o‘tirgan vaqtidan (mart, 1405) boshlaydi. So‘ng Shohrux vafoti (1447)dan keyin hukmronlik qilgan Temuriylar: Mirzo Abulqosim Bobur, Sulton Abu Saʼid va boshqa shahzodalardan so‘zlab bo‘lgach, Husayn Boyqaroning Hirotda Yodgor Mirzoni qatl etib, ikkinchi marta taxtga o‘tirishi haqidagi maʼlumotlar bilan asarni tugatadi.
Maʼlumki, «Matlaʼi saʼdayn»da ko‘proq siyosiy voqealar bayon etilgan. Lekin shu bilan birga Temuriy hukmdorlarning mamlakatni iqtisodiy, maʼnaviy va madaniy hayotida o‘ynagan bunyodkorlik roli ham Abdurazzoq Samarqandiyning diqqat markazida bo‘lgan. Shuning uchun ham XV asrning deyarli uch choragida Samarqand va Hirot shaharlaridagi ilm-fan, madaniyatning yuksakligi hamda bu borada Mirzo Ulug‘bek, Mirzo Boysung‘ur va baʼzi boshqa shahzodalarning faoliyatlari ham izchillik bilan yoritib berilgan.
«Matlaʼi saʼdayn»ning forscha matni 1936 yili Lohurda (Pokiston) matnshunos olim Muhammad Shafe tomonidan chop etilgan. Abdurazzoq Samarqandiyning 1442—44 yillardagi Hindiston safarnomasi 1960 yili o‘zbek tilida va forsiy tanqidiy matni bilan, asarning 1405—1427 yillar voqealari (I jild, 1-qism) 1969 yili o‘zbek tilida Toshkentda chop etildi. 1992 yili esa «Matlaʼi saʼdayn»ning shu qismiga kiritilgan G‘iyosiddin Naqqoshning Xitoy safari kundaligi o‘zbek tilida chop etildi. Asarning II jild 2—3-qismlari ham o‘zbek tilidagi tarjimasi amalga oshirilgan bo‘lsa-da, hanuzgacha chop etilgani yo‘q.
