Muhammad Al-Farg‘oniy
(797-865)
Olimning to‘liq ismi Abul Abbos Ahmad ibn Muhammad ibn Kasir al-Farg‘oniydir.
Farg‘oniyning asosiy astronomik asari «Samoviy harakatlar va umumiy ilmi nujum kitobi» («Kitob al-harakat as-samoviya va javomiʼ ilm an-nujum») XII asrda Ovro‘poda lotin tiliga ikki marta va XIII asrda boshqa Ovro‘po tillariga ham tarjima qilinganidan so‘ng, uning lotinlashtirilgan nomi “Alfraganus” shaklida G‘arbda bir necha asr davomida keng tarqaladi. Uning bu kitobi shu asrlar davomida Ovro‘po universitetlarida astronomiyadan asosiy darslik vazifasini o‘tadi. Al-Farg‘oniy asarining lotincha tarjimasi birinchi marta 1493 yilda nashr etilgan bo‘lib, u eng qadimgi nashr qilingan kitoblardan hisoblanadi.
1669 yili mashhur Golland matematigi va arabshunosi Yakob Golius al-Farg‘oniy asarining arabcha matnini yangi lotincha tarjimasi bilan nashr etganidan so‘ng, al-Farg‘oniy va uning asarining Ovro‘podagi shuhrati yana-da ortdi. Ovro‘po Uyg‘onish davrining buyuk namoyandalaridan biri bo‘lgan mashhur olim Regiomontan XV asrda Avstriya va Italiya universitetlarida astronomiyadan maʼruzalarni al-Farg‘oniy kitoblaridan o‘qigan. Al-Farg‘oniy nomini Dante (XV asr) va Shiller (XVIII asr) ham eslagan. Ovro‘po olimlaridan Dalambr, Brokelman, X. Zuter, I. Yu. Krachkovskiy, A. P. Yushkevich va B. A. Rozenfeldlar al-Farg‘oniyning ijodini yuqori baholaganlar.
Hozirgi kunda al-Farg‘oniyning sakkiz asari maʼlum bo‘lib, ularning hammasi astronomiyaga aloqador va birortasi hozirgi zamon tillariga tarjima qilinmagan. Ular quyidagilardir: yuqorida tilga olingan asar, odatda uni «Astronomiya asoslari haqida kitob» nomi bilan ham atashadi — qo‘lyozmalari dunyo kutubxonalarining deyarli barchasida bor. «Asturlob yasash haqida kitob» — qo‘lyozmalari Berlin, London, Mashhad, Parij va Tehron qutubxonalarida, «Asturlob bilan amal qilish haqida kitob» — birgina qo‘lyozmasi Rampurda (Hindiston), «Al-Farg‘oniy jadvallari» —qo‘lyozmasi Patnada (Hindiston), «Oyning Yer ostida va ustida bo‘lish vaqtlarini aniqlash haqida risola» — qo‘lyozmasi Qohirada, «Yetti iqlimni hisoblash haqida» — qo‘lyozmalari Gotada va Qohirada, «Quyosh soatini yasash haqida kitob» — qo‘lyozmalari Halab va Qohirada saqlanadi. «Al-Xorazmiy “Zij”ining nazariy qarashlarini asoslash» asari Beruniy tomonidan eslatiladi, lekin qo‘lyozmasi topilmagan.
Al-Farg‘oniyning bu ro‘ixat boshidagi ikki asaridan boshqalari hali hech kim tomonidan o‘rganilmagan. Shubhasiz, ular o‘rganilib tahlil qilinishi bilan al-Farg‘oniy ijodining yangi qirralari ochiladi va olimning o‘rta asrlarda, undan keyin Sharq va G‘arbda bu qadar mashhur bo‘lishi sabablari ham ayon bo‘ladi. Aytganimizdek, mazkur asarlarning birinchisi 1145 yildan boshlab lotin tiliga bir necha marta tarjima qilingan. Bu tarjimalarning barchasida al-Farg‘oniy ismi lotinchada “Alfraganus” shaklida yozilib, shu shaklda fanga abadiy kirib qoldi.
Al-Farg‘oniyning bu asari astronomiyadan eng sodda darslik bo‘lib, unda murakkab geometrik shakllar va matematik formulalar, hisoblashlar keltirilmagan. Bu esa astronomiyadan boshlang‘ich maʼlumotlarni o‘zlashtirishni ancha osonlashtirgan. Balki buyuk Regiomontan asarning shu xususiyatini anglab, o‘zining universitetlardagi maʼruzalari uchun ko‘llanma sifatida al-Farg‘oniyning ana shu asarini tanlagandir.
