Abu Nasr al-Forobiy
(873-950)

Forobiy o‘z zamonasi ilmlarining barcha sohasini mukammal bilganligi va bu ilmlar rivojiga katta hissa qo‘shganligi, yunon falsafasini sharhlab, dunyoga keng tanitganligi tufayli Sharq mamlakatlarida uning nomi ulug‘lanib, «Al-Muallim as-soniy» — «Ikkinchi muallim» (Aristoteldan keyin), «Sharq Arastusi» deb yuritilgan.

Forobiy asarlarini mazmuniga qarab quyidagi guruhlarga bo‘lish mumkin:

1) falsafaning umumiy masalalariga, yaʼni bilimning umumiy xususiyatlari, qonuniyatlari va turli kategoriyalariga bag‘ishlangan asarlar: «Substansiya haqida so‘z» («Kalom fi-l javhar»), «Masalalar manbai» («Uyunul masoil»), «Qonunlar haqida kitob» («Kitob fi-l navomis»), «Falak harakatining doimiyligi haqida» («Kitob fi-l harakat al-falaka doimatun») va b.;

2) inson bilish faoliyatining falsafiy tomonlariga bag‘ishlangan, yaʼni bilishning shakllari, bosqichlari, usullari haqidagi asarlar. Mantiq (logika)ning turli muammolariga doir asarlari ham shunga kiradi: «Kattalarning aqli haqida so‘z» («Kalom fi-l aql al-Kabir»), «Yoshlarning aqli haqida kitob» («Kitob fil-aql as-sag‘ir»), «Mantiq haqida katta qisqartma kitob» («Kitob al-muxtasar al-kabir fi-l mantiq»), «Mantiqqa kirish kitobi» («Kitob al-madxal ila-l mantiq»), «Isbot kitobi» («Kitob al-burxon»), «Sillogizm shartlari kitobi» («Kitob sharoit al-qiyos»), «Jon (ruh)ning mohiyati haqida risola» («Risola fi mohiyat an-nafs») va b.;

3) falsafa va tabiiy fanlarning fan sifatidagi mazmuni, tematikasi haqidagi asarlar: «Ilmlarning kelib chiqishi va tasnifi» («Kitob fi ixso al-ulum va at-taʼrif», qisqacha nomi «Ixso al-ulum»), «Falsafa tushunchasining maʼnosi haqida so‘z» («Kalom fi maʼoni ism al-falsafa»), «Falsafani o‘rganishdan oldin ni-mani bilish kerakligi haqida kitob» («Kitob fi ashyo allati yaxto-ju antallama kabl al-falsafa»). «Falsafaga izohlar». («Taoliq fi-l hikmat») va b.;

4) moddaning miqdori, fazoviy va hajmiy munosabatlarini o‘rganishga bag‘ishlangan, yaʼni matematika fanlari — arifmetika, geometriya, astronomiya va muzikaga oid asarlar: «Hajm va miqsor haqida so‘z» («Kalom fi-l xiyz va-l miqsor»), «Fazo geometriyasiga kirish haqidagi qisqartma kitob» («Kitob al-madxal ila-l han-dasat al-vaxmiyati muxtasarsan»), «Astrologiya qoidalari haqida mulohazalarni to‘g‘rilash usuli haqida maqola» («Maqola fi-l ji-hat allayati yassexxu alayho al qavl bi ahkom an-nujum»), «Muzika haqida katta kitob» («Kitob ul-musiqa al-kabir»), «Muzika haqida so‘z» («Kalom fi-l musiqiy»), «Ritmlar turkumlari haqida kitob» («Kitob ul fi ixso-il-iqo») va b.;

5) modda xossalari va turlarini, noorganik tabiatning, hayvonlar va inson organizmining xususiyatlarini o‘rganuvchi, yaʼni tabiiy fanlar — fizika, kimyo, optika, meditsina, biologiyaga bag‘ishlangan asarlar: «Fizika usullari haqida kitob» («Kitob fi usul ilm at-tabiat»), «Alkimyo ilmining zarurligi va uni inkor etuvchilarga raddiya haqida maqola» («Maqola fi vujub sanoat al-kimyo va-r radd ala mubtiluho»), «Inson aʼzolari haqida risola» («Risola fi aʼzo al-insoniya»), «Hayvon aʼzolari to‘g‘risida so‘z» («Kalom fi aʼzo al-hayvon») va b.;

7) ijtimoiy-siyosiy hayot, davlatni boshqarish masalalariga, axloq, tarbiyaga bag‘ishlangan, yaʼni huquqshunoslik, etika, pedagogikaga doir asarlar: «Baxt-saodatga erishuv yo‘llari haqida risola» («Risola fi-t tanbih ala asbob as-saodat»), «Shaharni boshqarish» («As-siyosat an-madaniya»), «Urush va tinch turmush haqida kitob» («Kitob fi maoyish va-l xurub»), «Fazilatli xulqlar» («As-siyrat al-fazila») va b.

Forobiyning tabiiy-ilmiy fanlar haqidagi qarashlari «Ilmlarning kelib chiqishi va tasnifi» asarida batafsil yoritilgan. Kitobda o‘rta asrda maʼlum bo‘lgan 30 dan ortiq fanning taʼrifi, ahamiyati ko‘rsatib beriladi. Barcha fanlar 5 guruhga ajratiladi: 1) til haqidagi ilm (7 bo‘lim — grammatika, orfografiya, sheʼriyat); 2) mantiq va uning bo‘laklari; 3) matematika (arifmetika, geometriya, optika, astronomiya, muzika, og‘irliklar hakidagi ilm, mexanika); 4) tabiatshunoslik va metafizika (8 bo‘lim — bashorat qilish, tibbiyot, alkimyo); 5) shahar haqidagi fanlar — siyosiy ilm, fiqh, kalom (etika, pedagogika).

Fanlarning bu tasnifi o‘z davrida ilmiy bilimlarni maʼlum tizimga solishning mukammal shakli bo‘lib, bilimlarning keyinga rivoji uchun katta ahamiyatga ega bo‘ldi.

Forobiy «Yulduzlar haqidagi qoidalarda nima to‘g‘ri va nima noto‘g‘riligi to‘g‘risida» risolasida osmon jismlari bilan yerdagi hodisalar o‘rtasidagi tabiiy aloqalarni, xususan bulutlar va yomg‘irlar paydo bo‘lishining Quyosh issiqligi taʼsirida bug‘lanishga sababiy bog‘liqligini yoki Oy tutilishi Yerning Quyosh bilan Oy o‘rtasiga tushib qolishiga bog‘liq ekanligini ko‘rsatgan edi. Bu bilan u osmon jismlariga qarab «fol ochuvchilar»ni fosh qildi. Forobiy arzon metallarni qimmatbaho metallarga aylantirishga urinuvchilarni (q. Alkimyo) tanqid qilib, kimyoga tabiiy ilmlarning bir qismi sifatida qaradi. Forobiy tabiblik bilan bevosita shug‘ullanmagan bo‘lsa-da, nazariy tibbiyotni yaxshi bilgan. Uning tibbiy qarashlari «Inson aʼzolari haqida» risolasida bayon qilingan.

Borliqning kelib chiqishi haqida Forobiy taʼlimotida — mavjudot 4 unsur — tuproq, suv, havo, olovdan tashkil topadi; osmon jismlari ham shu unsurlarning birikuvidan vujudga keladi. Moddiy jismlarning o‘zaro farq qilishiga sabab, ularning ibtidosidagi unsurlarning turlicha bo‘lishidir: olov — issiqlik sababi; suv — sovuqlik, namlik; tuproq — qattiqlik sababi. Forobiy bu-tun mavjudotni sabab va oqibat munosabatlari bilan bog‘langan 6 daraja (sabab)ga bo‘ladi: Alloh (as-sabab al-avval), osmon jinslari (as-sabab as-soniy), aql (al-aql al-faol), jon (an-nafs), shakl (as-surat), materiya (al-modda). Bulardan Alloh — vujudi vojib, yaʼni zaruriy mavjudlikdir, qolganlari esa — vujudi mumkin, yaʼni imkoniy mavjud narsalardir. Bular bir-birlari bilan sababiy bog‘langan.

Ilm, bilish va aql haqidagi taʼlimot Forobiy asarlarida izchil va mukammal ishlangan. Ilm olish masalasiga u inson mohiyatini tushuntirib berishning tarkibiy qismi sifatida qaradi.

Forobiy «Aql maʼnolari haqida» risolasida aql masalasini chuqur talqin qiladi. U aql bir tomondan, ruhiy jarayon, ikkinchi tomondan, tashqi taʼsir — taʼlim-tarbiyaning natijasi ekanligini uqdiradi. Forobiy fikricha, aql faqat insongagina xos bo‘lgan tug‘ma quvvat — ruhiy kuch bilan bog‘liq.

Forobiy «Fozil shahar aholisining maslagi» risolasida jamiyat («inson jamoasi»)ning kelib chiqishi haqida bunday yozadi: «Har bir inson tabiatan shunday tuzilganki, u yashash va oliy darajadagi yetuklikka erishmoq uchun ko‘p narsalarga muhtoj bo‘ladi, u bir o‘zi bunday narsalarni qo‘lga kirita olmaydi, ularga ega bo‘lish uchun insonlar jamoasiga ehtiyoj tug‘iladi… Bunday jamoa aʼzolarining faoliyati bir butun holda, ularning har biriga yashash va yetuklikka erishuv uchun zarur bo‘lgan narsalarni yetkazib beradi. Shuning uchun inson shaxslari ko‘paydilar va yerning aholi yashaydigan qismiga o‘rnashdilar, natijada inson jamoasi vujudga keldi».

Forobiy «Baxt-saodatga erishuv yo‘llari haqida risola», «Baxt-saodatga erishuv haqida risola» asarlarida o‘zining orzu qilgan fozil jamiyatini yana ham yorqin tasvirlaydi. «Davlatning vazifasi insonlarni baxt-saodatga olib borishdir, — deb yozadi u, — bu esa ilm va yaxshi axloq yordamida qo‘lga kiritiladi». Forobiy davlatni yetuk shaxs (monarxiya), yetuk xislatlarga ega bo‘lgan bir necha shaxslar (aristokratiya) va saylangan shaxslar (demokratiya) yordamida boshqarish shakllarini qayd etadi.

Taraqqiyparvar insoniyat Forobiy ijodiga hurmat bilan qarab, uning merosini chuqur o‘rganadi. Ovro‘po olimlaridan B. M. Shtrenshneyder, Karra de Vo, T. U. Buur, R. Xammond, R. de Erlanje, F. Deteritsi, G. Farmer, N. Rishar, G. Ley, Sharq olimlaridan Nafisiy, Umar Farrux, Turker, M. Mahdi va boshqalar Forobiy merosini o‘rganishga muayyan hissa qo‘shdilar. Keyingi yillarda uning ijodi va taʼlimotiga bag‘ishlangan bir qancha tadqiqotlar, asarlar yuzaga keldi.