Yusuf Xos Hojib
(XI ASR)

Yusuf Xos Hojib turkigo‘y shoir, mutafakkir, davlat arbobi. «Qutadg‘u bilig» dostoni muallifi. Uning hayoti va faoliyati haqida maʼlumotlar beruvchi yagona manba ham «Qutadg‘u bilig» kitobidir. Ushbu kitobga ko‘ra, u zamonasining barcha asosiy ilmlarini atroflicha o‘rgangan, arab va fors tillarini mukammal bilgan. Mahmud Koshg‘ariy kabi turkiy tilning mavqeini oshirish, uning madaniy-adabiy hayotdan o‘ziga munosib o‘rin egallashi uchun kurashgan.

Yusuf Xos Hojibning «Qutadg‘u bilig» («Saodatga eltuvchi bilim», 1069—70) asari islomiy turkiy adabiyotni boshlabgina bermay, uni yangi taraqqiyot bosqichiga ham ko‘tardi. U nafaqat turkiy xalqlar adabiyoti anʼanalari, balki qardosh xalqlar, jumladan, forsiy adabiyot tajribalarini ham ijodiy o‘zlashtirgan holda yaratilgan. “Shohnoma” kabi mutaqorib vaznida yozilgan va «Turkiy Shohnoma» nomi bilan shuhrat qozongan (73 bob, 6520 bayt va to‘rtliklardan iborat).

«Qutadg‘u bilig» — 11-asr so‘z sanʼatining nodir namunasi bo‘lib, unda o‘z davrining ilg‘or ijtimoiy-siyosiy, maʼnaviy-axloqiy masalalari badiiy talqin qilingan, turkiy xalqlar tarixi, madaniyati, ilm-fani, urf-odat va anʼanalari, turmush tarzi, qadriyatlari xususida batafsil maʼlumot berilgan.