Mahmud ibn al-Husayn ibn Muhammad al- Koshg‘ariy
(XI ASR)
Mahmud Koshg‘ariy turkshunoslik ilmi rivojiga katta hissa qo‘shgan yirik mutafakkirdir. U Balasog‘unda tug‘ildi, shu yerda tahsil ko‘rdi. Mavjud maʼlumotlarga qaraganda, Mahmud Koshg‘ariy ilmning turli sohalari, xususan, arab va turk tillari, fors adabiyoti bilan shug‘ullanib, ularni puxta egallagan edi. Ayniqsa, Mahmud Koshg‘ariyning turkiy tillarni o‘rganishdagi xizmati beqiyosdir. U til sohasida o‘zining mashhur asarini yozishdan oldin juda katta xududda yashagan turkiy xalqlarning tili, urfodati, turmush tarzi, kasbkori, og‘zaki ijodi haqida bir necha yillar mobaynida maʼlumot to‘pladi.
Mahmud Koshg‘ariy turkiy tillarni o‘rganishga bag‘ishlangan 2 ta asar yozib qoldirgan. Shulardan biri “Javohirunnahv fiy lug‘otit turk” (Turkiy tillarning nahv (sintaksis) qoidalari) nomi bilan yuritilgan. Lekin bu asar shu vaqtgacha topilgani yo‘q. Uning bizgacha yetib kelgan mashhur asari “Devonu lug‘otit turk” (“Turkiy so‘zlar devoni”), deb ataladi. Asar turkiy qabila va xalqlarning tili, leksikasi, fonetikasi, morfologiya va dialektologiyasi haqida boy material beradi.
“Devoni lug‘atit turk” kitobi faqat lug‘atshunoslik, tilshunoslikka bag‘ishlangan risola bo‘libgina qolmasdan, u o‘sha davrdagi ijtimoiy-siyosiy hayot to‘g‘risida ham maʼlumot beradi. Devonga kirgan qimmatli va ibratomuz hikmatlarda taʼlim-tarbiya, xulq-odob, ilm-fan to‘g‘risida qimmatli fikrlar mavjud.
Mahmud Koshg‘ariy o‘z kitobida insonlarga yaxshilik qilish, o‘zaro hurmat, mehr-shafqatli bo‘lish, o‘zgalarga xayr-ehson qilish kabi fazilatlar haqida batafsil so‘z yuritadi. U avvalo yaqinlarga, ayniqsa, qarindosh-urug‘larga, qo‘ni-qo‘shnilarga yaxshilik qilish, so‘ngra boshqalarga yaxshilik qilish lozimligini uqtiradi. “Xalqqa yaxshilik qil, — deydi mutafakkir, — yaxshilikni suv tagiga tashlasang-da, suv ustida ko‘rasan.”
Mahmud Koshg‘ariy “Devonu lug‘otit-turk” asarini yaratish uchun turkiy qabilalar yashaydigan ko‘plab shaharlar va qishloklarni kezib chiqqan. 14 yillik (taxminan 1057 yildan 1071 yilgacha) safari davomida keng ko‘lamli tarixiy materiallarni to‘pladi. Buyuk olim o‘z kitobida 6800 dan ziyod turkiy so‘zni guruhlashtirdi, (110 hudud, ko‘l va daryo, 40 elat va qabila nomlari), turkiy tilda izohlar keltirdi. Kitobdan 242 ta sheʼr, 262 ta maqol va matal o‘rin olgan. Hayratlanarlisi shundaki, u qo‘llagan 875 ta so‘z, 60 ta maqol va matal biron-bir o‘zgarishsiz zamonaviy turkiy tilimizga kirib kelgan.
