Adib Ahmad Yugnakiy
(VII ASR)
Turkiy adabiyotning bizga maʼlum yirik namoyandasi mashhur «Hibat ul-haqoyiq» asarining muallifi Ahmad Yugnakiy bo‘lganligini qayd etish mumkin. Ahmad Yugnakiy haqidagi maʼlumotlarni biz XV asrga oid Alisher Navoiy, Arslon xoja Tarxon va boshqalar yozib qoldirgan maʼlumot hamda shoirning o‘z yozganlaridan bilamiz.
Manbalarda Ahmadning tug‘ilgan joyi Yugnak deb ataladi. Bu nomdagi qishloqlar qadimgi Samarqand atrofi, Farg‘ona vodiysi va Sirdaryo bo‘ylarida mavjud bo‘lgan.
«Hibat ul-haqoyiq» asari yozilgan davrda forsiy va turkiy dostonlar uchun umumiy bo‘lgan muayyan sheʼriy shakl (yaʼni, aa, bb, vv usulida qofiyalanuvchi masnaviy shakli) hali-hanuz mavjud emas edi.
«Hibat ul-haqoyiq» asari asosiy qismining keyingi 4—7-boblari ham insonlarning yuksak fazilatlarini taʼriflash, nuqsonlarini qoralashga bag‘ishlangan. Ularda saxovat, qo‘li ochiqlik, tavozeʼ, insonlarga mehrli bo‘lish, vafoli, shavkatli, halim tabiatli, kechiruvchan, kamtar bo‘lish targ‘ib qilinadi, baxil va ochko‘zlik, molparastlik, g‘azabnok va takabburlik, riyokorlik, besabrlik, zulm va zo‘ravonlik, safsatabozlik qattiq qoralanadi. Asar boshdan oyoq tavhid eʼtiqodiga tayanadi, muallif fikrlari Alloh taoloning muborak oyatlari, Rasululloh (SAV)ning hikmatli hadislari bilan dalillanadi. Turkiy tilda bitilgan sheʼriy matn orasida qator oyatlar, 20 dan ortiq hadislarning asl arabiy matni keltirilgan, ular turkiyda sheʼr vositasida sharh etilgan. Asarda boshqa qadim turkiy matnlarga nisbatan arabiy so‘zlarning ko‘p uchrashi ham Bag‘dod maktabining taʼsiri bo‘lishi kerak. Umumiy olganda «Hibat ul-haqoyiq» til jihatidan juda qadimiy, ammo asrlar davomida ko‘p ko‘chirilib, kotiblar tomonidan tushunish qiyin jumlalar soddalashtirilgan, keyingi asrlar til unsurlari asarga ancha taʼsir ko‘rsatgan.
Adib Ahmad Movarounahr va Xurosonda turkiy elatlar madaniyatini yuksaltirishda katta xizmat qildi. XI—XII asrlarda ijod etgan Mahmud Koshg‘ariy, Yusuf Xos Hojib, Ahmad Yassaviy kabi nafaqat o‘zbek xalqi, balki butun turk olami, hatto islom mintaqasining buyuk allomalari ijodiga Adib Ahmadning taʼsiri beqiyosdir.
