Abdulla Avloniy
(1878-1934)

XIX asrning ikkinchi yarmi XX asrning boshlarida Turkiston (Markaziy Osiyo) o‘lkasida pedagogik fikrlarning rivojlanishida, xalq maorifi ishlarini yuksaltirishda ilg‘or ziyolilarning xizmatlari kattadir. Bunda jadid adabiyotining yirik vakili shoir, dramaturg, muallim Abdulla Avloniy (1878-1934)ning xizmatlari ko‘p. U maktablar ochib, shaxsan o‘zi muallimlik qilish bilan birga maktablarni darsliklar bilan taʼminlash ishiga katta hissa qo‘shdi. Uning qalamiga mansub «Turkiy Guliston yoxud axloq», «Birinchi muallim», «Ikkinchi muallim» «Maktab Gulistoni » asarlari bir necha bor nashr etildi. Bular ichida «Turkiy Guliston yoxud axloq» asari o‘zbek klassik pedagogikasining ajoyib namunasi hisoblanadi. Abdulla Avloniy mazkur asarni fors klassik shoiri shayx Muslihiddin Saʼdiy (1184-1310)ning “Guliston” asaridan taʼsirlanib, unga taqlid qilib yozganligi haqida shunday deydi: «Ban bu asari nochizonami bir necha muallim birodarlarimning iltijolari ila yozmoq va nashr qilmoqg‘a g‘ayrat va jasorat qilmish edim. Alhamdu lilloh val minna ikkinchi tabʼihada muvaffaq o‘ldum, chunki Turkiston maktablarida o‘z shevamizda (o‘zbek tilida demoqchi) yozilmish mukammal «Axloq kitobining shunday asarga tashna va muhtoj ekanlig‘i o‘zum muallimlar jumlasidan o‘ldig‘imdan manga ham ochiq maʼlum o‘ldi. Shuning uchun ko‘p vaqtlar tajriba so‘ngidan adibi muhtaram shayx Saʼdiy usulida yozmoqni, garchi og‘ir ish bolʼsa ham, o‘zimga muqaddas bir vazifa ado qilaroq bu kamchilikni oradan ko‘tarmakni munosib ko‘rdim»

Avloniy xazratlari tarbiya xaqida gapirib o‘z davrlarining tarbiya qiluvchilari: ota-onalar, muallimlar, mudarrislar, hukumat maktablarining kamchiliklarini ochiq oydin bayon etadi. “Tarbiya bizlar uchun yo hayot – yo mamot, yo najot – yo halokat, yo saodat – yo falokat masalasidur” iborasi bejiz aytilmagan. Muallif tarbiyani uchga: 1- badan tarbiyasi, 2- fikr tarbiyasi, 3- axloq tarbiyasiga ajratadi va ularning xar birining axamiyatini bayon qiladi.