QADIMIY QO‘LYOZMA MEROSIMIZ HAQIDA

Bugun Yangi O‘zbekistonda milliy madaniyatimiz, ilm-fan, adabiyot va sanʼatimiz yuksalishiga ulkan hissa qo‘shgan maʼrifatparvar ajdodlarimizning boy merosini o‘rganish, targ‘ib etish, uning mazmun-mohiyatini yosh avlod ongu shuuriga singdirishga alohida eʼtibor qaratilmoqda. Zero, ko‘p asrlik milliy va diniy qadriyatlarimizni asrab-avaylash, dunyo ilm-fani va madaniyati rivojiga ulkan hissa qo‘shgan ajdodlarimizning bebaho merosini o‘rganish, uning asosida yoshlarni komil inson etib tarbiyalash jamiyatda barqaror ijtimoiy-maʼnaviy muhitni taʼminlashning muhim shartlaridan biri hisoblanadi.

Jahon ilm-fani rivojiga bebaho hissa qo‘shgan ajdodlarimizning boy merosini chuqur o‘rganish asosida yoshlarning ongu tafakkurini shakllantirish, jamiyatda bag‘rikenglik, o‘zaro hurmat, mehr-oqibat, tinchlik va totuvlikni, ijtimoiy-maʼnaviy muhit barqarorligini taʼminlashda maʼrifiy soha vakillarining daxldorlik hissi va ishtirokini yana-da oshirish davlatimiz siyosatining ustuvor yo‘nalishlaridan biridir.

Xususan, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2022 yil 28 yanvardagi “2022-2026 yillarga mo‘ljallangan Yangi O‘zbekistonning taraqqiѐt strategiyasi to‘g‘risida”gi Farmonining “Maʼnaviy taraqqiѐtni taʼminlash va sohani yangi bosqichga olib chiqish” deb nomlangan beshinchi ustuvor vazifasidagi 73-maqsad aynan, “Buyuk ajdodlarimizning boy ilmiy merosini chuqur o‘rganish va keng targ‘ib etish” deyilgan. IHT, IRSIKA, AYSESKO, YUNESKO kabi dunѐning nufuzli xalqaro tashkilotlari, ilmiy-tadqiqot markazlari va universitetlari bilan hamkorlikda “Yangi O‘zbekiston – Uchinchi Renessans” shiori ostida xalqaro konferensiya, simpozium va anjumanlar tashkil etish rejalashtirilgan. Buyuk ajdodlarimizning boy ilmiy-maʼnaviy merosini keng targ‘ib qilish maqsadida yurtimizdan yetishib chiqqan allomalar qalamiga mansub 100 ta asarning xalqchil tarjimasini amalga oshirish, ular asosida ilmiy va ommabop risolalar yaratish hamda buyuk ajdodlarimizning boy ilmiy merosini chuqur o‘rganish va keng tadbiq etish asosiy vazifa qilib olingan.

Muhammad Xorazmiy, Abu Nasr Forobiy, Ahmad Farg‘oniy, Abu Ali ibn Sino, Abu Rayhon Beruniy kabi allomalarning o‘lmas asarlari hozirgi zamon ilm-fani rivojiga asos bo‘ldi. Yusuf Hamadoniy, Ahmad Yassaviy, Abdulxoliq G‘ijduvoniy, Bahouddin Naqshband, Najmiddin Kubro singari dunyoga dong taratgan buyuk siymolar insoniyatga komillik yo‘lini ko‘rsata bildilar. Muhaddislar Imom Buxoriy, Imom Termiziyning taʼlimotida aks etgan komil inson g‘oyalari, adolat haqidagi qarashlar jamiyatni maʼnaviy-axloqiy jihatdan yuksaltirishga, mustahkamlashga xizmat qildi. Ayniqsa, Imom Buxoriy, Imom Termiziydek yetuk muhaddislar dunyoda Qurʼoni karimdan keyingi eng moʻtabar manba hisoblangan hadis to‘plamlarini yaratishda benihoya fidoyilik ko‘rsatishdi, ibrat bo‘lishdi.

O‘zbekiston buyuk allomalarni yetishtirgan va dunyo tamadduniga bebaho ilmiy-maʼrifiy va maʼnaviy durdonalar tuhfa etgan betakror zamindir. Zero, yurtimizda yuksak tamaddun ildizlari qadim tarixga borib taqaladi. Biz buyuk tarix, shavkatli davlat, o‘zidan bebaho ilmiy-madaniy meros qoldirgan, jahon ilm-fani rivojiga benazir hissa qo‘shgan, adolatni qadrlaydigan xalq farzandlarimiz.

Tarix shohidki, IX-XII asrlarda mintaqamizda yuz bergan va Musulmon Renessansi deb nomlangan Birinchi Sharq Uyg‘onish davrida ham, shuningdek butun jahonda Temuriylar davri Renessansi deya eʼtirof etilgan XIV-XV asrlardagi Ikkinchi Sharq Uyg‘onish davrida ham jamiyatda maʼnaviyat va ilm-maʼrifat yetakchi bo‘lgan.

Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev: “Agar jamiyat hayotining tanasi iqtisodiyot bo‘lsa, uning joni va ruhi maʼnaviyatdir”, deya bejiz aytmagan.

O‘zbekistonning qadimgi davr madaniyati, maʼnaviyati, jumladan,  ilm-faniga oid merosi nafaqat kitoblarda, balki xalq og‘zaki adabiyotida, folklorda, turli xalq anʼanalarida ham o‘z aksini topib kelgan. Go‘ro‘g‘li, Alpomish, Rustam haqidagi dostonlarda xalqimizning qadimgi urf-odatlari, ruhiyati, maʼnaviy hayotining ifodasini uchratishimiz mumkin. Bunday maʼlumotlar qadimgi sug‘d, manixey, xorazm, turkiy yozuvlar namunalarida saqlanib qolgan manbalarda ham uchraydi.